OAVni akkreditasiyadan o‘tkazish tartibi

Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga (bundan buyon matnda Saylov kodeksi deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga (bundan buyon matnda mahaliy Kengash deb yuritiladi) saylov kampaniyasini yoritish uchun xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari (bundan buyon matnda OAV deb yuritiladi) vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.

I bob. Umumiy qoidalar

1. OAV vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiya qilinadi.

OAV vakillarining vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda MSK deb yuritiladi), viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan guvohnomalar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

2. OAV vakillari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab, qoida tariqasida, saylovga kamida o‘n besh kun qolgunga qadar MSK, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalariga ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilishlari mumkin.

3. MSK, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan OAV vakillariga tegishincha mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalariga muvofiq shakldagi guvohnomalar beriladi.

4. OAV vakillari vakolat muddati unga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman e’lon qilingan kuni tugaydi.

Tegishli saylov komissiyasi tomonidan takroriy ovoz berish yoki takroriy saylov o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, OAV vakili guvohnomasining amal qilish muddati takroriy ovoz berish yoki takroriy saylov natijalari to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar qadar uzaytirilgan deb hisoblanadi.

II bob. Mahalliy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish

5. Saylov kampaniyasi davrida:

respublika miqyosidagi OAV vakillari – MSK tomonidan;

viloyat miqyosidagi OAV vakillari – viloyat saylov komissiyasi tomonidan;

tuman (shahar) miqyosidagi OAV vakillari – tuman (shahar) saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

6. Saylov kampaniyasini yoritish maqsadida respublika, viloyat, tuman va shahar miqyosidagi OAV rahbarlari mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan saylov komissiyalariga murojaat qiladi.

OAVning murojaatida akkreditatsiyaga taqdim etilgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatiladi hamda uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va 3x4 sm. hajmdagi ikki dona fotosurati ilova qilinadi.

OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun murojaat OAVning rasmiy blankasida taqdim etiladi va rahbarning imzosi bilan tasdiqlanadi.

7. Murojaat besh kun ichida ko‘rib chiqilib, tegishli saylov komissiyasining qarori asosida OAV vakiliga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.

Mazkur Nizomning 6-bandida qayd etilgan ma’lumotlar ko‘rsatilmagan, shuningdek murojaatlar belgilangan muddatda berilmagan bo‘lsa, tegishli saylov komissiyalari tomonidan OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish rad etilishi mumkin.

III bob. Xorijiy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi saylovlarida xorijiy OAV vakillari MSK tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

MSK xorijiy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (bundan buyon matnda TIV deb yuritiladi) bilan hamkorlik qiladi.

9. TIVda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy OAV vakillarini MSKdan akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun tegishli OAV muxbirlik punkti (byurosi, ofisi) rahbari MSKga murojaat qiladi.

Murojaatda akkreditatsiyaga taqdim etilgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatiladi hamda uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va 3x4 sm. hajmdagi ikki dona fotosurati ilova qilinadi.

Murojaat besh kun ichida ko‘rib chiqiladi va MSK qarori asosida xorijiy OAV vakiliga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.

10. TIVdan akkreditatsiyadan o‘tmagan xorijiy OAV vakillari saylov kampaniyasini yoritish maqsadida TIVga murojaat qiladilar. Murojaatga:

ommaviy axborot vositasi to‘g‘risida ma’lumotnoma-axborot;

akkreditatsiyaga taqdim etilgan xodimning tarjimai holi ma’lumotlari, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va 3x4 sm. hajmdagi ikki dona fotosurati ilova qilinadi.

11. TIVdan akkreditatsiyadan o‘tmagan xorijiy OAV vakillarining murojaati taqdim etilgan kundan keyin ikki haftadan kechikmay TIV tomonidan ko‘rib chiqiladi. Mazkur Nizomning 10-bandida qayd etilgan ma’lumotlar ko‘rsatilmagan, shuningdek belgilangan muddatda berilmagan murojaat ko‘rilmasdan qoldiriladi.

12. TIV xorijiy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida MSKga taqdimnoma kiritadi.

Taqdimnoma besh kunlik muddat ichida ko‘rib chiqilib, MSK qarori asosida xorijiy OAV vakiliga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.

IV bob. OAV vakilining huquq va majburiyatlari

13. OAV vakili:

saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish;

saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;

saylov komissiyalarining qarorlari nusxalarini OAVda yoritish uchun olish;

nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;

muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo‘lish hamda ushbu jarayonni kuzatish;

saylov kuni ovoz berish xonalarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqishda hozir bo‘lish;

saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno);

saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berish jarayonida hozir bo‘lish;

okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda okrug bo‘yicha saylov natijalarini aniqlashda hozir bo‘lish;

saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tkazilishi bo‘yicha o‘z fikrini bayon qilish huquqiga ega.

OAV vakili qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanadi.

14. OAV vakili:

o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga amal qilishi;

barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan guvohnomani hamda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda mansabdor shaxslar talabiga muvofiq ularni ko‘rsatishi shart.

15. OAV vakiliga quyidagilar man etiladi:

konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi axborotlarni tarqatish;

saylovchilarga ta’sir o‘tkazish, qonunga xilof ravishda biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish;

saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;

saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;

uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish;

saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish.

16. OAV vakili O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga va ushbu Nizom qoidalariga rioya etmagan taqdirda, uni akkreditatsiyadan o‘tkazgan saylov komissiyasi uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin.

V bob. Yakuniy qoidalar

17. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan kelishilgan.

108