Deputatlikka nomzodlar uchun eslatma

SIYOSIY PARTIYALAR VA DEPUTATLIKKA NOMZODLARGA ESLATMA

I. SAYLOVLARDA ISHTIROK ETISH

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida saylovida deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi;

imzo varaqalari.

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarida saylovida Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish to‘g‘risida siyosiy partiyaning tegishli viloyat, tuman, shahar organi rahbari tomonidan imzolangan ariza;

siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligi haqidagi ma’lumotnoma.

II. DEPUTATLIKKA NOMZODLAR

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni esa tegishli viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasi amalga oshiradi.

Deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olingan shaxsga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi beriladi.

Deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi.

Deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda tegishli saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashg‘ulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi.

Ro‘yxatga olingan barcha deputatlikka nomzodlarlar teng huquqlarga ega bo‘ladi.

Deputatlikka nomzodlarlar saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, saylovoldi yig‘ilishlarida, televideniye va radio orqali so‘zga chiqish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylovni o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod bo‘lish huquqiga ega.

Deputatlikka nomzodlarlar ro‘yxatga olinganidan keyin saylov okrugi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yo‘lovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yo‘nalishlari mustasno) tekinga yurish huquqiga ega. Saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzod saylov okrugiga borish va yashash joyiga qaytish uchun ularda tekinga yurish huquqidan foydalanadi.

Deputatlikka nomzodlarlarning xizmat safari va boshqa xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.

Siyosiy partiya u yoki bu shaxsni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi o‘z qarorini saylovga kechi bilan o‘n besh kun qolganida bekor qilish huquqiga ega, bu shaxs tegishli saylov komissiyasi tomonidan nomzodlik maqomidan mahrum etilishi mumkin. Siyosiy partiya deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar tegishli saylov komissiyasiga yangi nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risida taklif kiritishi mumkin.

Siyosiy partiya faoliyatining tugatilganligi nomzodni shu partiyadan saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum etadi.

Deputatlikka nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Buning uchun u tegishli saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.

III. DEPUTATLIKKA NOMZODLARNING ISHONCHLI VAKILLARI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod 10 nafargacha, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod 5 nafargacha, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashi deputatligiga nomzod 3 nafargacha ishonchli vakilga ega bo‘lishi mumkin.

Ishonchli vakil saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Ishonchli vakillarning O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasidagi saylov bilan bog‘liq safar xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.

Deputatlikka nomzod ro‘yxatga olinganidan keyin ishonchli vakillarini o‘z xohishiga ko‘ra belgilaydi va ularni ro‘yxatga olish uchun tegishli okrug saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.

Ishonchli vakilning guvohnomasi tegishli saylov komissiyasi raisining imzosi va muhri bilan tasdiqlanadi.

Deputatlikka nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda o‘z ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilgan holda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istalgan vaqtda o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.

Ishonchli vakil:

deputatlikka nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi;

deputatlikka nomzod saylanishi uchun tashviqot olib boradi;

davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

Ishonchli vakil boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

Ishonchli vakilga saylovoldi tashviqoti davrida:

tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish;

noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish;

saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish (hammaga ma’lum qilish), shu jumladan axborot tarmoqlariga, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish taqiqlanadi.

Ishonchli vakil tomonidan saylovga bir kun qolganida va saylov kunida tashviqot olib borish taqiqlanadi.

IV. SAYLOVOLDI TASHVIQOTI

Saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni deputatlikka nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat.

Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi viloyat tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin tugaydi.

Deputatlikka nomzodlarga o‘zining kelgusidagi faoliyati dasturini, siyosiy partiyaning dasturini va saylovoldi platformasini tashviqot qilish huquqi beriladi. Tashviqot davlat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilmagan bo‘lishi, xalqning salomatligi hamda ma’naviyatiga tahdid solmasligi, urushni, milliy nafratni, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qilmasligi, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik ishlatib o‘zgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklarini cheklovchi harakatlarga da’vat qilmasligi kerak.

Saylovoldi tashviqoti:

siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;

deputatlikka nomzod haqida axborot tarqatib, uni yoqlab ovoz berishga chaqirish shaklida o‘tkaziladi.

Saylovoldi tashviqoti omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida (bundan buyon matnda OAV deb yuritiladi) chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti:

OAV, shu jumladan televideniye, radio, gazeta va jurnallar, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan butunjahon Internet axborot tarmog‘i) orqali;

bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chop etish hamda tarqatish;

saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Saylovoldi tashviqoti davrida uni olib borishning Saylov Kodeksida taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.

Siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini o‘tkazishning turlari, shakllari va usullarini mazmun-mohiyatini mustaqil belgilaydilar.

Saylovoldi tashviqoti materiallari quyidagilar hisoblanadi:

nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallar;

nomzodga oid plakatlar, bannerlar, varaqalar;

OAVda qo‘yiladigan nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi video va audio roliklar.

Deputatlikka nomzodlarning avtobiografik ma’lumotlari va ularning saylovoldi dasturlari to‘g‘risidagi tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarining axborot materiallari (plakatlari) saylovoldi tashviqoti materiallari hisoblanmaydi.

Saylovoldi tashviqotini saylovchilarga tovarlarni, xizmatlarni (axborot xizmatlari bundan mustasno) bepul yoki imtiyozli asoslarda taqdim etish, shuningdek pul mablag‘lari to‘lash orqali o‘tkazish taqiqlanadi.

Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqot o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari (saylov kunidan ikki kun oldin) joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishdan bir kun qolganida olib qo‘yilishi majburiy hisoblanmaydi.

Deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun mablag‘lar Davlat byudjetidan ajratiladi. Deputatlikka nomzodlarga boshqa manbalardan pul mablag‘larini o‘tkazish (kiritish), tovarlar yetkazib berish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish shaklida moliyaviy ta’minlash va boshqacha tarzda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.

Saylovoldi tashviqoti boshlangunga qadar siyosiy partiyalar tomonidan o‘zining dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini siyosiy partiyani yoki uning deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etmagan (chaqirmagan) holda o‘z mablag‘lari hisobidan, shu jumladan homiylik mablag‘laridan foydalangan holda amalga oshirishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti o‘tkazilayotganda deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga bir xil hajmdagi efir vaqti va chop etish maydoni bepul taqdim etilishi orqali ularga davlat OAVdan foydalanishda teng imkoniyati beriladi.

Saylovoldi tashviqotini o‘tkazish maqsadida OAVdan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti:

Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlar bo‘yicha – saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning respublika organlari bilan kelishgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan;

Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘yicha – saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning hududiy organlari bilan kelishgan holda viloyat saylov komissiyalari tomonidan;

Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘yicha – saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning tuman va shahar organlari bilan kelishgan holda tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi.

Bepul efir vaqtidan siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlar ommaviy debatlar, munozaralar, matbuot anjumanlari, intervyu, chiqishlar, saylovchilar yig‘ilishlari, nomzod to‘g‘risida roliklar joylashtirish va hokazolar uchun foydalanishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti doirasida tele- va radiokanallarda joylashtirishga mo‘ljallangan materiallar tegishli tele- va radiokanallar bilan hamkorlikda nomzodlarni ko‘rsatgan siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari tomonidan tayyorlanadi.

Taqdim etilgan efir vaqtidan siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda, agar deputatlikka nomzodlar bunday tadbirlarda qatnashishga rozi bo‘lsa, ular o‘rtasida ommaviy debatlar va munozaralar o‘tkazish uchun foydalanilishi mumkin.

Deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatgan siyosiy partiyalar ularga taqdim etilgan efir vaqtidan va chop etish maydonidan erkin va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanadi.

Siyosiy partiyalar bilan o‘zaro kelishilgan holda saylovoldi tashviqoti materiallarining turlari, shakllari va mazmun-mohiyati birxillashtirilishi mumkin.

Muayyan deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga taqdim etilgan bepul efir vaqtidan yoki chop etish maydonidan boshqa deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar foydalanishi mumkin emas.

Deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar bepul taqdim etilgan efir vaqtidan va chop etish maydonidan voz kechishga haqli.

Bepul taqdim etilgan efir vaqti va chop etish maydoni doirasida saylovoldi tashviqoti materiallari uzatilayotgan hamda chop etilayotgan vaqtda OAV ular saylovoldi tashviqoti materiallari ekanligini qayd etadi.

Saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalar vakillarining OAVda chiqishlari ularni ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga qarab amalga oshiriladi.

OAV saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzodning ishlab chiqarish va xizmat majburiyatlarini bajarayotganini yoritishlari mumkin va bu saylovoldi tashviqoti tusidagi tadbir hisoblanmaydi.

Axborot dasturlari va boshqa axborot materiallarida siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasini yoritib berishda OAV:

teng sharoitlar yaratib berishi, shu jumladan dasturning davomiyligi va hajmi bo‘yicha teng sharoitlar yaratib berishi;

materiallarni efirga uzatish hamda chop etishda ular ko‘proq birgalikda berilishiga erishishi kerak.

Deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga davlat va nodavlat OAVda efir vaqti yoki chop etish maydoni pulli asosda ham ajratilishi mumkin.

Efir vaqti, chop etish maydoni uchun OAV tomonidan belgilanadigan to‘lov shartlari va boshqa talablar (tiraj, efirga beriladigan vaqt, joy, shrift va hokazolar) barcha deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.

Pulli efir vaqtini yoki chop etish maydonini ajratish bilan bog‘liq munosabatlar OAV va siyosiy partiyalar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

OAVda tarqatiladigan axborot haqiqatga to‘g‘ri kelishi, deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak. Noto‘g‘ri, deputatlikka nomzodning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish, shuningdek deputatlikka nomzodning roziligisiz uning shaxsiy yoki oilaviy siridan iborat xususiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni noqonuniy to‘plash yoki tarqatish taqiqlanadi.

Deputatlikka nomzodlar OAVda chop etilgan noto‘g‘ri hamda o‘zining sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazgan ma’lumotlar yuzasidan raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqli.

Chop etish natijasida huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan deputatlikka nomzodlar ushbu OAVda raddiya yoki javob maqola chop etishga haqli.

Bosma OAVda raddiya OAVning navbatdagi sonida, javob paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan material joylashtirilgan sahifada e’lon qilinishi kerak.

Elektron OAVda raddiya navbatdagi dasturda yoki ko‘rsatuvda efirga uzatilishi kerak.

Deputatlikka nomzodlar OAV raddiyani, javob maqolani chop etishdan bo‘yin tovlasa yoki chop etishning belgilangan muddatini buzsa, sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishga haqli.

Bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalar, bosma mahsulotning elektron ko‘rinishlari va boshqa saylovoldi tashviqoti materiallarini to‘siqlarsiz chiqarish hamda tarqatish uchun deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga teng sharotlar yaratib beriladi. Saylovoldi tashviqoti materiallari O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.

Bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa saylovoldi tashviqoti materiallari quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:

saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlagan yuridik shaxs nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va u haqida boshqa ma’lumotlar (jismoniy shaxs familiyasi, ismi va otasining ismi);

saylovoldi tashviqoti materiallariga buyurtma bergan yuridik shaxs nomi (jismoniy shaxs familiyasi, ismi va otasining ismi);

saylovoldi tashviqoti materiallari nusxasining soni, chiqarilgan sanasi haqidagi axborot.

Saylovoldi tashviqoti materiallari xonalarga, binolarga, inshootlarga va boshqa ob’ektlarga osib qo‘yilishi mumkin.

Haykallarga, yodgorliklarga, shuningdek saylov komissiyasi joylashgan binolarga, ovoz berish xonalariga bosma saylovoldi tashviqoti materiallarini joylashtirish taqiqlanadi.

Deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqoti materiallarini joylashtirish uchun tashqi reklama vositalari (maxsus щit konstruksiyalari, ekranlar, bilbordlar, elektron tablo va hokazolar) bepul taqdim etilishi mumkin.

Bepul taqdim etiladigan tashqi reklama vositalari soni mahalliy davlat hokimiyati organlarining takliflariga asosan tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan tasdiqlanadi.

Deputatlikka nomzodlarga va ularning ishonchli vakillariga saylovoldi tashviqotini saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali o‘tkazish uchun teng sharoitlar beriladi.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar nomzodlar va ularning ishonchli vakillari tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi.

Deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari boshqa deputatlikka nomzodlar yoki ularning ishonchli vakillari bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa deputatlikka nomzodlar tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

1659