Andijonda yagona elektron ro‘yxatlaridan foydalanish maqsadida 1 ming 654 nafar operator tanlab olindi

Andijonda yagona elektron ro‘yxatlaridan foydalanish maqsadida 1 ming 654 nafar operator tanlab olindi

Andijonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning targ‘ibot-tashviqot tadbirlari boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaroriga asosan, viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 14 saylov okrugi tuzilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari qarorlari bilan 827 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, ayni kunda mazkur uchastkalarda saylov jarayonlari bilan bog‘liq barcha ishlar belgilangan tartiblar doirasida tashkil etilmoqda.

– Saylovga tayyorgarlik ishlari belgilangan talablar asosida olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati saylovini o‘tkazuvchi 9-Andijon okrug saylov komissiyasi raisi Baxtiyorjon Rasulov. – Saylov uchastkalari barcha qulayliklarga ega binolarga joylashtirilgan, uchastka saylov komissiyalari samarali faoliyat yuritishi uchun zarur texnik jihozlar, aloqa vositalari bilan to‘la ta’minlandi.

Ta’kidlash kerakki, shakllantirilgan okrug saylov komissiyalari a’zoligiga malakali, mazkur yo‘nalishda muayyan tajribaga ega mutaxassislar jalb etilgan. Jumladan, komissiya a’zolarining 89 foizi avvalgi saylov jarayonlarida qatnashgan. Ularning 48 foizi rus, 17 foizi ingliz tilini mukammal biladi, aksariyati axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan yuqori darajada foydalana oladi. Bundan tashqari, saylov jarayonini boshqarish, axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatlaridan foydalanish maqsadida 1 ming 654 nafar operator tanlab olindi. Saylovga tayyorgarlik va saylov jarayonida samarali faoliyat yuritishlari uchun operatorlarning malaka va tajribasini oshirish bo‘yicha seminarlar, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Barcha okruglarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi bo‘yicha jadval ishlab chiqilgan. Ana shu jadval asosida uchrashuvlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, nomzodlarning o‘zlari mustaqil targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishlari uchun ularga teng sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

F.Ubaydullayev, O‘zA

22.11.2019 511