SAYLOVDA YOShLAR MAMLAKAT ISTIQBOLI UCHUN OVOZ BERADI

SAYLOVDA YShLAR MAMLAKAT ISTIQBOLI UChUN OVOZ BERADI

O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda “Yosh saylovchi-2019” forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumning maqsadi 2019-yil 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etuvchi talaba-yoshlarimizning siyosiy, huquqiy bilimi va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.

Ma’lumki, Konstitutsiya va Saylov kodeksiga muvofiq, fuqarolarimiz 18 yoshdan saylash huquqiga ega bo‘ladilar. Bu huquq Konstitutsiyamizning 117-moddasida, shuningdek, Saylov kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan. Saylov kuni 21 yoshga to‘lgan yigit-qizlar mahalliy kengashlarga, 25 yoshdan esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanishi mumkin.

Bu bilan mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z taqdirini yurt taqdiri bilan bog‘lar ekan, undagi siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etishi, davlat boshqaruvida munosib nomzodni saylash orqali qatnashishi muhim ahamiyatga ega.

Bu yilgi saylovlarda 20,6 millionga yaqin saylovchi ovoz berishi kutilmoqda. Ulardan 2 milliondan ortiq yigit-qiz esa birinchi marta saylovda ishtirok etadi.

Uchrashuvda yosh saylovchilarga bo‘lib o‘tadigan saylovlar yangicha tamoyillar asosida “Yangi O‘zbekiston-yangi saylovlar” g‘oyasi negizida o‘ziga xos faollik fuqarolik pozitsiyasi asosida tashkil etilayotgani ta’kidlandi.

Talabalar uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati va ovoz berish tartibi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Saylov kodeksiga muvofiq, ovoz berish kuni saylov uchastkasida soat 8.00 da O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi. Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya a’zolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida ovoz berish boshlanganligini e’lon qiladi, saylov qutilarining bo‘shligini tekshiradi va ularni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar bilan plombalaydi, plombalar raqami ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi, uchastkadagi ro‘yxat bo‘yicha saylovchilarning soni, olingan saylov byulletenlari soni hamda muddatidan oldin ovoz berganlar haqida ma’lum qiladi.

Ushbu ma’lumotlar yakuniy bayonnomaga kiritiladi, ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazishni muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi, zarurat bo‘lganda komissiya a’zolariga yordam ko‘rsatadi, ular vaqtinchalik yo‘q bo‘lgan hollarda ularni boshqa a’zolar bilan almashtiradi, ovoz berish tugallanganligini e’lon qiladi, binoda hozir bo‘lgan saylovchilarga ovoz berishni tugallashi uchun imkoniyat beradi.

Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiradi. Saylov byulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.

Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga "+" yoki "✓" yoxud "x" belgisini qo‘yadi.

Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.

Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi (yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan) lozim va alohida saqlanadi.

Saylovlarda ilk marotaba ishtirok etayotgan yoshlarning doimiy ravishda o‘zlarining siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirib borishlari, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi keng qamrovli islohotlarning samarasi va ta’sirchanligining oshishiga xizmat qiladi.

22.11.2019 635