BMT Ehtiyojlarni baholash missiyasi O‘zbekistondagi saylovlarni o‘tkazishda yordam berishni tavsiya etdi

Uchrashuvda saylovlarni o‘tkazishda hamkorlik dasturini ishlab chiqish, shu yilning 23-30-iyul kunlari BMT Ehtiyojlarni baholash missiyasining (EBM) saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq tashrifi natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida saylov jarayonini o‘tkazishga ko‘maklashish masalalari muhokama etildi.

EBMga mamlakatdagi saylov muhitini, saylov jarayonini muvofiqlashtiruvchi huquqiy va institutsional doiralarni, shuningdek, saylovning turli ishtirokchilari imkoniyatlari va ehtiyojlarini baholash vazifasi yuklatilgan edi.

EBMning hisobotida BMTning O‘zbekistonda saylovlarni o‘tkazishda bosqichma-bosqich texnik ko‘mak ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlab o‘tilgan.

Uchrashuv chog‘ida bo‘lajak texnik ko‘makning bosqichlari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, 2019-yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan saylovlarni qamrab oluvchi dastlabki bosqichda MSKning saylov komissiyalari xodimlarini o‘qitishga doir harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, saylovchilar uchun o‘quv materiallarini ishlab chiqish hamda jamoatchilikka keng ma’lumot berish va hokazolar ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi bosqich 2021-yilning so‘nggiga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, MSKning institutsional va texnik qudratini mustahkamlashga qaratilgan.

Dan Malinovichning tashrifi doirasida Oliy Majlis palatalari, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili idorasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy sud, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasida uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvlar davomida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida MSK bilan yaqin hamkorlikda keng ko‘lamli loyiha ishlab chiqiladi.


Markaziy saylov komissiyasi 
Matbuot xizmati

04.09.2019 393