Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi haqida

Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovlarni yoritish bo‘yicha Xalqaro matbuot markazining faoliyatini tashkil etish, MSKning normativ-huquqiy hujjatlari tasdiqlash kabi masalalar o‘rin oldi.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorini qabul qildi.

Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga rioya qilgan holda uyushqoqlik bilan o‘tkazish, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga saylovlarga tayyorgarlikning borishi va saylov jarayonlarini yoritib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, o‘z vaqtida axborot olish hamda tarqatishni ta’minlashga xizmat qiladi. Matbuot markazi O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 16-uyda joylashadi.

Majlisda okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish bo‘yicha yo‘riqnoma, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi caylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan imzolarni to‘plash tartibi, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari hamda nomzodlarning ishonchli vakillari to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi. Shuningdek, “Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash to‘g‘risida” qaror ham qabul qilindi.

Majlisda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar Markaziy saylov komissiyasi, tuziladigan saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga to‘liq muvofiq holda amalga oshirilishi ta’kidlandi.


Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

11.09.2019 419