Koreyada istiqomat qilayotgan 2000 nafarga yaqin fuqarolarimiz saylovlarda ishtirok etishi kutilmoqda

Joriy yilning 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferens aloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda Markaziy saylov komissiyasining a’zolari va mas’ul xodimlari, okrug saylov komissiyalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha viloyatlar hokimliklari, jamoat tashkilotlari, jumladan, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva va Kvandju shaharlaridagi vakolatxonalarida qo‘shimcha saylov uchastkalarini tuzish va ularni tegishli saylov okruglariga biriktirish, xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovga oid huquqlarini ta’minlash, Koreya Respublikasida ochilgan saylov uchastkalari faoliyatini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 87-Angren okrug saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirish kiritish masallari o‘rin oldi.

Saylov kodeksining 10-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi, ularni okrugga biriktirish to‘g‘risidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etilishi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Majlisda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 54-saylov uchastkasi va Kvandju shaharidagi vakolatxonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 55-saylov uchastkasi tuzildi. Moskva shahrida tuzilgan 54-saylov uchastkasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 145-Bodomzor saylov okrugiga, Agentlikning Kvandju shahrida tuzilgan 55-saylov uchastkasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 146-Astrobod saylov okrugiga biriktirildi.

Koreya Respublikasida tuzilgan saylov uchastkalari faoliyatini tashkil etish va Koreyadagi Vatandoshlarimizning saylovda ovoz berish huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen batafsil axborot berib o‘tdi. Koreyadagi saylov uchastkalari soni bugungi kungacha 1 tani tashkil etib, u Seul shahrida joylashgan edi. Markaziy saylov komissiyasi bugungi yig‘ilishida Kvandju shahrida ham 2-saylov uchastkasini ochish masalasini ko‘rib chiqib qaror qabul qilganligi Koreya Respublikasida istiqomat qilayotgan Vatandoshlarimizning saylovlarda ishtirok etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Elchi janoblari tomonidan takidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasining “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Koreya Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bilan mehnat jamoalari, turli ta’lim dargohlari hamda yoshlar o‘rtasida qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Saylov kodeksiga muvofiq elchixona tomonidan dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan fuqarolarning saylovchilar ro‘yxatini tuzish boshlangan. Ushbu muhim siyosiy jarayonga oid ma’lumotlar bilan tanishish istagida bo‘lgan O‘zbekistonning Koreyadagi fuqarolari endilikda elchixonaning rasmiy veb-saytidan saylov qonunchiligidagi yangiliklar, ovoz berish manzili va kuni, vaqti hamda boshqa ko‘plab axborotlarni olishlari mumkin.

Bundan tashqari, saylovchilar saylov.mfa.uz manzili orqali oldindan elektron ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

- “Xozirgi kunda Koreya Respublikasida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2000 nafardan ziyod. Ularning 150 nafari diplomatik vakolatxonamizda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan. Saylov tashviqotiga oid uchrashuvlarimizda 1000 ortiq Vatandoshlarimiz, talaba yoshlarimiz saylovda faol ishtirok etish istaklarini bildirmoqdalar. Biz ularga bu yerda ovoz berishda erkin ishtirok etishlari va Konstitutsion huquqlaridan foydalanishlari uchun yaratilgan qulayliklar va imkoniyatlar haqida batafsil tushuntirishlar bermoqdamiz. Shu jumladan Elchixona, vakolatxonalarimiz va konsullik idoralarimiz Veb-saytlari orqali ham tushuntirish ishlari olib borildi. Saylovga qadar ularning barchasini qamrab olamiz va keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Taxminlarimizga ko‘ra Koreya Respublikasida istiqomat qilayotgan 2000 nafarga yaqin fuqarolarimiz ushbu saylovlarda shu yerda ovoz berishda ishtirok etadilar. Saylovni barcha demokratik talablar asosida, yuqori saviyada tashkil etamiz va o‘tkazamiz”, dedi – O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen.

Saylovlarda xalqaro kuzatuv instituti – xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan tayinlanadigan vakillar (kuzatuvchilar) orqali tegishli mamlakatda saylovlarga tayyorgarlik ko‘rilishi jarayonini, saylovlarning ochiq va oshkora o‘tkazilishining ta’minlanganligini kuzatib borishdan iborat.

Majlisda qayd etilganidek, bu yilgi saylovlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan 57 davlatdan 250 nafarga yaqin qisqa muddatli, 30 nafar uzoq muddatli, shuningdek, boshqa davlat va xaqaro tashkilotlardan 300 ga yaqin, jami 600 nafardan ziyod kuzatuvchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Majlisda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq MDH davlatlari missiyasidan 7 nafar va YeXHTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasining 42 nafar xalqaro kuzatuvchilari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari davom etmoqda. 2019 yilning 26 noyabr xolatiga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 233 taga yetdi. Xuddi shunday vakolatga ega bo‘lgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni esa, 67 tani tashkil etmoqda.

Majlisda shuningdek komissiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 87-Angren okrug saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘rib chiqishdi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 87-Angren okrug saylov komissiyasi raisi Israilov Furqat Artыkbayevich bergan shaxsiy arizasiga muvofiq, o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilindi.

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining tavsiyasiga ko‘ra ushbu okrug saylov komissiya raisining o‘rinbosari Karabayev Esanali Mirsidiqovich komissiya raisi, Angren transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mamataliyev Abdakim Mamatali o‘g‘li komissiya raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

 

26.11.2019 101