Turkiya Oliy saylov kengashi raisi Sadi Gyuven bilan uchrashuv

2019 yilning 18 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Turkiya Respublikasi Oliy saylov kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonch, birodarlik, strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan hamkorlik aloqalari barcha yo‘nalishlar singari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish  borasida ham  rivojlanib borayotganini,  bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Joriy yil 22 dekabr kuni  bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahallik kengashlarga saylovlarni umum e’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga binoan ko‘partiyaviylik, muqobillik va  ochiq-oshkora o‘tkazish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilayotir. Bunda yangilangan milliy saylov qonunchiligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, O‘zbekistonning xorijda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolari uchun ovoz berish imkoniyatining yaratilgani milliy saylov tizimidagi ana shunday muhim yangiliklardandir. Avvallari bunday  siyosiy tadbirda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonliklar o‘zlarining konstitusiyaviy huquqlaridan foydalangan. Endi chet elda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan O‘zbekistonning barcha fuqarolari qirqqa yaqin mamlakatda tashkil etilgan ellik beshta saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin. Bunday saylov uchastkalari Turkiyada ham ochildi.

Turkiya Respublikasi Oliy saylov kengashi raisi Sadi Gyuven o‘z taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga qadam qo‘ygan O‘zbekistonda amalga oshirilyotgan ulkan o‘zgarishlarni Turkiya  ahli katta qiziqish va hayrixohlik bilan kuzatib turganini ta’kidladi. Barcha sohalar rivojida ochiqlik, oshkoralik, demokratiya tamoyillariga ulkan e’tibor qaratilayotgani kelayotgan yakshanba kuni o‘tajak saylovlarda ham o‘z ifodasini topishiga ishonch bildirdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bo‘lajak saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish borasidagi taklifi uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.   

Ikki mamlakat oliy saylov organlari o‘rtasida imzolangan memorandumda tomonlarning saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish amaliyotini yanada takomillashtirish, saylov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, kadrlarning malakasini oshirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorligi ko‘zda tutilgan.  

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati.

18.12.2019 46