Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan oʻzaro hamkorligi takomillashtirilmoqda

2019-yil 16-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur kelishuv Markaziy saylov komissiyasining Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan xotin-qizlarning mamlakatimizda oʻtkaziladigan saylovlarda ishtirok etishda konstitutsion huquqlaridan foydalanishini taʼminlash maqsadida oʻzaro hamkorlik takomillashtirilishini koʻzda tutadi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilning dekabr oyida mamlakatimiz Parlamentiga, mahalliy hokimiyat vakillik organlariga oʻtkaziladigan saylovlarga tayyorgarlik xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi ortib borayotgan sharoitda oʻtkazilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, xotin-qizlarning elektoral faolligini oshirish, xotin-qizlar safidan deputatlikka nomzodlar zaxirasini shakllantirish boʻyicha ishlarni takomillashtirish, shuningdek, ularni mazkur zaxiraga kiritishga tayyorlash, xotin-qizlar qoʻmitalari masʼul xodimlarining saylov qonunchiligidan xabardorligi va huquqiy savodxonligi darajasini oshirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Kelishuv saylov qonunchiligiga oid huquqni qoʻllash amaliyotini birgalikda tahlil qilish, saylovlarni oʻtkazishda xotin-qizlarning siyosiy faolligini taʼminlash bilan bogʻliq muammolarni oʻrganish hamda ularning saylov huquqlarini kengaytirishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish doirasida amalga oshiriladi. Shuningdek, ayollarning siyosiy faolligini oshirish masalalari boʻyicha qoʻshma forumlar oʻtkazish, tahliliy axborot-maʼlumotnoma materiallar va uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish hamda chop etish, xotin-qizlar oʻrtasida saylov toʻgʻrisidagi bilimlari va oʻzlarining saylov huquqlarini himoya eta olishni shakllantirishga koʻmak berish maqsadida huquqiy tushuntirish ishlarini olib borish nazarda tutilmoqda.

Oʻz navbatida, xotin-qizlar qoʻmitalari raislari va mutaxassislariga saylov jarayoni sohasidagi huquqiy taʼlim berish bilan birga deputatlikka nomzod ayollar uchun saylov tartib-taomillari, huquqiy madaniyati va ularning yetakchilik xislatlarini oshirishga qaratilgan turli huquqiy taʼlim tadbirlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Kelishuv Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.Norboyeva tomonidan imzolandi.

Tadbirda mazkur kelishuvni amalga oshirishga qaratilgan yoʻl xaritasi tasdiqlandi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

16.04.2019 305