SHHTga aʼzo mamlakatlar xotin-qizlari oʻrtasida hamkorlik va tajriba almashish uchun noyob maydon

2019-yilning 15-16-may kunlari Qirgʻizistonning Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari xotin-qizlarining Ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda SHHT Bosh kotibining oʻrinbosari A. Subakojoyeva, SHHTga aʼzo sakkiz mamlakatlar bosh vazirlarining oʻrinbosarlari, shuningdek jamoat va davlat arboblari, kuzatuvchi mamlakatlar (Avgʻoniston, Belarus, Eron) va muloqot boʻyicha hamkor (Ozarbayjon) davlatlar hamda diplomatik korpus vakillari ishtrok etdi.

SHHT Bosh kotibi V.Norovning xotin-qizlar forumiga yoʻllagan qutlov maktubida SHHT makonida kelajakni birgalikda shakllantirish jarayonida ayollarga alohida oʻrin ajratilgani, SHHT mamlakatlari aholisining yarmidan koʻpini ayollar tashkil etgani sababli mintaqa mamlakatlari hayotining barcha jabhalarida ayollar muhim oʻrin egallagani taʼkidlandi.

Xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishdagi tengligi va toʻlaqonli ishtiroki jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi, demokratligi va barqarorligi uchun zarur shart sanaladi. Tashkilotga aʼzo davlatlarning hukumatlari tashabbuslari va xotin-qizlar harakatlari va tashkilotlarning faolligi tufayli keyingi yillarda SHHT doirasida ayollar yoʻnalishidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlar amalga oshirilayotgani quvonarlidir.

Forumning tantanali ochilish marosimi Qirgʻiziston Respublikasi Bosh vaziri M.Abыlgaziyev ishtirokida oʻtkazildi. Tadbir ishtirokchilarini Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari G.Abdыkalikova, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari T.Narbayeva, Butunxitoy ayollar Federatsiyasi raisi oʻrinbosari Sya Sze va Rossiya ayollar Ittifoqi raisi oʻrinbosari N.Ramnevalar qutladilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari T.Narboyeva forum ishtirokchilarini qutlar ekan oʻz soʻzida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan bir qatorda, xotin-qizlarning jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalaridagi mavqeini yanada yaxshilashga qaratilgan tub oʻzgarishlarga toʻxtalib oʻtdi. U oʻz nutqida SHHT doirasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻz mamlakatlari rivojlanishida yetakchi rol oʻynaydigan xotin-qizlar tashkilotlarining ishtirokisiz amalga oshirilishi mumkin emas, deya taʼkidladi.

Forum doirasida “SHHTga aʼzo davlatlar mintaqaviy hamkorligining gender jihatlari”, “Mintaqaning barqaror va inklyuziv iqtisodiy rivojlanishida ayollarning ishtiroki”, “Sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalariga investitsiyalar: mintaqaviy hamkorlik uchun imkoniyatlar”, “Imkoniyatlarning tengligi uchun innovatsiyalar va raqamlashtirish davri”, “Ayollar va qizlarning ahvolini yaxshilash uchun mintaqaviy chaqiriqlar va imkoniyatlar” kabi beshta sessiya boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari G. Rahimova “Xotin-qizlarning mamlakat siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish” mavzusida maʼruza qildi.

photo5404455252792552418.jpg

U dekabr oyida mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish masalalariga toʻxtalar ekan, bugungi kunda ayollar saylash va saylanish orqali mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim oʻrin tutadigan qarorlarning qabul qilishiga chinakam taʼsir koʻrsatishi mumkinligini alohida taʼkidladi.

photo5404455252792552416.jpg

Xotin-qizlarning saylov jarayonidagi ham mahalliy darajadagi va parlamentga saylovlarda ishtirokini faollashtirish maqsadida Oʻzbekiston qonun hujjatlarida xotin-qizlar uchun 30 foizlik gender kvotasi belgilangan.

photo5404857051278060016.jpg

Shu bilan birga, joriy yilining 7-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻngi ikki yilda toʻplangan tajribani, xotin-qizlarning siyosiy ongi tobora oʻsib borayotganini inobatga olib, xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida deputatlikka nomzod ayollar vakilligini 50 foizgacha oshirish tashabbusini ilgari surdi.

Takidlanganidek, xotin-qizlarning saylov jarayonida keng ishtirokini taʼminlash, shu jumladan, ularning elektoral faolligi va deputatlik korpusidagi vakilligini oshirish, ayollarning mamlakat siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilgan saʼy-harakatlarning samarasi sifatida baholanadi.

Ishtrokchilarning eʼtirof etishicha, SHHTga aʼzo mamlakatlar xotin-qizlarining Ikkinchi forumi tashkilotning aʼzo mamlakatlari ayollari oʻrtasida hamkorlik va tajriba almashish uchun noyob maydon boʻlib, mazkur tashkilot davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik uchun ragʻbatlantiruvchi kuchga aylandi.

Forum yakunlari boʻyicha qoʻshma qaror qabul qilindi.

_DHAtsriYlrSuIkjiT36TIv4YeJyLOed.jpg

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

18.05.2019 390