Markaziy saylov komissiyasi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan hamoxang holda davlat va jamiyat qurilishi tizimini yanada takomillashtirish borasida ham keng koʻlamli siyosiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, milliy saylov qonunchiligimiz umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsip va normalarga toʻla mos holda huquqiy jihatdan yanada rivojlantirildi, liberallashtirildi va saylov amaliyotini modernizatsiyalash yoʻlida yangi bosqich boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabussi bilan mamlakatimiz tarixida birinchi marta bir nechta qonunlarning oʻrniga tizimlashtirilgan, konkret va yaxlit qonun hujjati – 18 ta bob hamda 103 ta moddadan iborat “Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi” tayyorlandi. Kodeks Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullangach, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan joriy yilning 25-iyun kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi. Markaziy saylov komissiyasining 913-sonli qarori bilan “2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar Dasturi” qabul qilindi.

Mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim oʻrin tutgan Saylov kodeksning qabul qilinishidan soʻng birinchilardan boʻlib, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlik memorandumining imzolanishida katta maʼno bor. Negaki, yoshlar – xalqimizning betimsol boyligi, buyuk salohiyati hamda kuch-qudrati manbai hisoblanadi. Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, dahldorlik hissini kuchaytirish eng muhim vazifalarimizdan hisoblanadi. Shuning uchun bugun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish hamda yoshlarni saylov jarayonlarida faol ishtirok etishlarini taʼminlash boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va kuni kecha qabul qilingan Saylov kodeksiga muvofiq fuqarolar 18 yoshdan saylash huquqiga ega boʻladilar. Mamlakatimiz aholisining 17 mln.dan ziyodini tashkil etuvchi yoshlardan bu yilgi saylovlarda 2 mln. nafardan ortigʻi birinchi marta saylovda ishtirok etishini inobatga olsak, saylov qonunchiligini yoshlar ongiga singdirish borasida targʻibot ishlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Yoshlarimiz esa Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq erkinliklarini taʼminlashda mahallalarda, mehnat va oʻquv jamoalarida targʻibochilarimizga qanot boʻlishi kerak.

Yigʻilishda Saylov kodeksida yoshlarimizning saylov jarayonlarida tegishli saylov komissiyalari aʼzosi, siyosiy partiyalarning vakolatli vakili, deputatlikka nomzod sifatida ham faol ishtirok etishlari uchun keng vakolatlar yaratilaganligi hususida ham tushuntirilishlar berildi.

Joriy yilning 28-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulugʻbek Abdusalomov hamda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranbayevlar tomonidan kelishuv imzolandi.

Yigʻilishda bugungi imzolangan hujjat va u orqali amalga oshiriladigan tadbirlar, yangi qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, shuningdek, saylovlarda yoshlarning oʻrni va roli borasidagi fikr-mulohazalar almashildi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

28.06.2019 351