Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasining tashrifiga doir

2019-yilning 23-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ehtiyojlarni baholash missiyasining saylov va siyosiy masalalar boʻyicha masʼul xodimi Paskal Russi rahbarligidagi delegatsiyaning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Ehtiyojlarni baholash Missiyasi(EBM)ning asosiy maqsadi tashrif buyurilgan mamlakatdagi saylov jarayonini tartibga soluvchi huquqiy chora-tadbirlar, shuningdek, saylovlarni boshqarish organlarining salohiyati va ehtiyoji, keyinchalik koordinatorga kerakli yordamni taqdim etishning maqsadga muvofiqligi boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Missiya odatda saylovchilar uchun axborot va taʼlim dasturlarini, saylovchilarni roʻyxatga olish va ovoz berish jarayonlarini moddiy-texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash, saylov komissiyalari xodimlarini eng yaxshi xalqaro amaliyotlar asosida oʻqitishni tavsiya qiladi.

Tadbir davomida M.Abdusalomov mamlakatimizda saylov sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berib, saylov komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirish, komissiya aʼzolarini oʻqitish, saylov standartlari va tartib-taomillarini birlashtirgan yagona Saylov kodeksining qabul qilinishi, saylov qonunchiligini xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashtirish borasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar, bu borada qonunchilikka kiritilgan yangilik va oʻzgartirishlar bilan batafsil tanishtirdi.

20190723_120104.jpg

Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan mamlakat parlamenti va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va ulardan foydalanish boʻyicha dolzarb masalalar muhokama etildi.

20190723_113325.jpg

Oʻz navbatida, delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonda saylov qonunchiligini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida ekanligini taʼkidlab, bu boradagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish qoʻllab-quvvatlanishini bildirdilar.

Missiya ekspertlarini mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan uchrashuvlar, shuningdek, Fargʻona viloyatidagi shu tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlari oʻtkazilishi rejalashtirilganligi qayd etildi.

Markaziy saylov komissiyasi 
matbuot xizmati

23.07.2019 341