Saylovda haqqoniylik qanday ta’minlanadi?

O‘zbekiston muhim siyosiy jarayon – saylovlar arafasida. Mazkur saylov O‘zbekistonning yangi tarixidagi ilk saylov bo‘lishi bilan birga, yangicha ruhda o‘tishi kutilmoqda. Xo‘sh, saylov jarayonlari qanday tashkil etiladi? Saylovdan kutiladigan asosiy talab – haqqoniylik qanday ta’minlanadi? O‘zA muxbiri shu kabi masalalar haqida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari Mahmud ISTAMOV bilan suhbatlashdi.

– Mahmud Shuhratovich, saylovni haqqoniy o‘tkazishning asosiy prinsiplari ochiqlik va oshkoralikning ta’minlanishi bilan bog‘liq. Bu yilgi saylovlarda mazkur tamoyil qanday ta’minlanadi?

– 2019 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga bo‘ladigan saylovlar bu gal tubdan farq qiladi. Chunki davlatimizning ichki va tashqi siyosatida naqadar ulkan ijobiy o‘zgarishlar va yuksalishlar ro‘y berayotganini, nafaqat xalqimiz, balki olam ahli ko‘rib, xayrixoh bo‘lib turibdi.

Xalqimizning ongu tafakkuri o‘zgardi. Fuqarolarning siyosiy ongi va madaniyati o‘sib borayotgani, jamiyatda demokratiya, ochiqlik va oshkoralik ta’minlanayotgani bo‘lib o‘tadigan saylovlarda yana bir bor namoyon bo‘lishi shubhasiz.

Bundan tashqari, joriy yilgi saylovlar yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladi. Ushbu hujjatda saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora o‘tkazishga xizmat qiladigan o‘ttizdan ortiq yangi norma va qoidalar joy oldi. Ilgari amalda bo‘lgan ko‘plab cheklovlar chiqarib tashlandi.

Endigi saylovlardagi har bir ovoz e’tiborga olinadi va har bir fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etadi. Saylovlarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng ta’minlanadi. Bu – uchastka saylov komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha – barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini yuksak mas’uliyat va eng yuksak demokratik prinsiplar asosida amalga oshirishida o‘z ifodasini topadi.

Bo‘lajak saylovlarga “Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar” degan hayotiy so‘zlar shior sifatida tanlangani bejiz emas.

– Xalqaro kuzatuvchilar avvalgi saylovlardagidan ko‘ra ko‘proq bo‘lishi, xususan Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) vakillari saylovga tayyorgarlikdan to ovoz berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni kuzatishi aytilmoqda. Bu qanchalik asosli va amalda qanday natija beradi?

– Saylovlarning xalqaro kuzatuvi dunyoda tan olingan amaliyot. Chunki xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining ishtiroki demokratik saylovlarni ochiq va oshkora o‘tkazishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Ayni shu maqsadda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga (DIIHB) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlikning borishini baholash uchun taklifnoma yuborilgan edi.

Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiya (EBM) saylovoldi muhiti va ularga tayyorgarlik jarayoni, mamlakatimizda erkin va demokratik saylovlar o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi. YeXHT Doimiy kengashi tomonidan mamlakatimizda joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga to‘laqonli kuzatuv missiyasini yuborishni maqsadga muvofiq, deb topdi.

Saylov kodeksining qabul qilinishi va uning YeXHT/DIIHB va Venetsiya komissiyasi ekspertizasidan o‘tkazilgani to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda. EBM tomonidan taqdim etilgan hisobotda muhim ijobiy o‘zgarishlar sanab o‘tilgan. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining aholini bo‘lajak saylovlar borasida keng xabardor qilish rejalari, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolarini saylovlarni o‘tkazishning barcha jihatlari bo‘yicha sifatli o‘qitishga yo‘naltirilgan kaskad uslubidagi treninglarni butun mamlakat bo‘ylab tashkil etish, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini amaliyotga joriy etish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratish shular jumlasidandir.

– Elektron saylov tizimi joriy etilishi qanday kechmoqda? Avvalgi saylovlarda uchragan oilaviy ovoz berishga chek qo‘yiladimi?

– Bugun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib bormagan sohaning o‘zi qolmadi. Saylov tizimi ham bundan mustasno emas. Elektron tizimning saylov jarayonlarida qo‘llanishi nafaqat saylov tashkilotchilari ishini osonlashtiradi, balki saylovlarning shaffofligini yanada kengroq ta’minlashga xizmat qiladi.

Bu borada mamlakatimizda muayyan yutuqlarga erishilayotirki, buni joriy yilda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini (SYaER) shakllantirish ishlari jadal davom etayotganidan bilsa bo‘ladi. Ushbu tizim ilk bor 2017 yil dekabr oyida Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov davomida sinovdan o‘tkazildi. Tizimning sinov jarayonida yuzaga kelgan ayrim kamchiliklarini bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbarining 2018 yilda “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan hozir tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda SYaERni to‘la shakllantirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

SYaER asosida Saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi (SJBAT) shakllantirildi. U o‘z ichiga bir qancha vazifalarni oladi va fuqarolarni saylov uchastka komissiyalariga taqsimlash, saylovchini o‘zi yashab turgan joyga aloqador uchastka haqida ma’lumot olish hamda okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini osonlashtirish imkoniyatini beradi.

Saylov kuni ovoz berish uchun kelgan yurtdoshlarimiz SJBAT operatorlariga murojaat qiladi va saylov byulletenini olib, ovoz berish kabinasida o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada bir vaqtning o‘zida, saylovda ishtirok etganlarning to‘liq ro‘yxati avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu bir shaxsning bir necha marotaba ovoz berishi yoki bir kishining butun oila a’zolari uchun ovoz berishining oldini olish imkonini beradi.

Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayonlaridagi faoliyatini osonlashtirish va qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida “Saylov – 2019” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Unda saylovga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari faollari haqida ma’lumotlar, saylovchilar, komissiya a’zolari, siyosiy partiyalar va nomzodlar hamda kuzatuvchilar uchun uslubiy tavsiyalar, saylov faollarining bilimini oshirishga doir o‘quv materiallari, kitoblar va maqolalar, saylov mavzusi bo‘yicha savol-javoblar o‘rin oladi. Shuningdek, saylovchilarga o‘z saylov uchastkasini topishida ko‘maklashish uchun maxsus havola ham joylashtiriladi.

– Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganda ayrim yurtdoshlarimizda saylovlarga nisbatan ishonchsizlik borligiga guvoh bo‘lish mumkin. Ba’zilar saylov haqqoniy va adolatli o‘tmasligini, ba’zilar siyosiy partiyalar faqat saylov oldidan paydo bo‘lib, va’dalar berishini, so‘ng bergan va’dalarini amalda bajarmasligini oshkora tanqid qilmoqda. Bunday fikrlarga qanday javob bergan bo‘lardingiz?

– Javobim aniq: odamlarimiz o‘tmishdagi saylovlardan qolgan bunday shubha-gumonlarni dilidan butunlay chiqarib tashlaydigan payt keldi. Nega? Avvalo, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida, xususan, elektron nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimizning o‘z fikrlarini ochiq-oshkora, dadil aytayotganining o‘zi juda quvonarli. Ayni paytda bu saylovlarimizning demokratiya tamoyilariga asosida, halol va adolatli o‘tishining o‘ziga xos kafolati, jamoatchilik nazoratining o‘ziga xos shakli hamdir. Qayerdaki jamoatchilik nazorati kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda odamlarda ishonchsizlik, shubha-gumon uyg‘otadigan qallobliklarning oldi olinadi. Jumladan, saylovlar jarayonida ham.

O‘zbekistonda tobora mustahkam qaror topib borayotgan so‘z va matbuot erkinligi, ommaviy axborot vositalaridagi, ijtimoiy tarmoqlardagi keskin jonlanish, yuqorida ta’kidlaganimizdek, mamlakatimizning zamonaviy demokratik davlat sifatida dunyoga dadil bo‘y ko‘rsatayotganining yorqin dalilidir.

Shularning o‘zi saylovlarning umume’tirof etilgan demokratik tamoyillar asosida o‘tishiga xizmat qiladigan muhim omil emasmi? Bir hol aniq: bu galgi saylov kampaniyasida bahs, raqobat har qachongidan kuchli va qiziqarli bo‘ladi. E’tibor bering, bitta deputatlik mandati uchun beshta siyosiy partiyaning nomzodlari bahsga kirishadi. Har bir siyosiy partiya har bir saylov uchastkasiga saylov kuni bir nafardan o‘z kuzatuvchisini qo‘ysa, buning ustiga, u yerda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, nomzodlarning ishonchli vakillari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, xorijlik va mahalliy jurnalistlaru blogerlar ham hozir bo‘lsa, ularning barchasi (kamida yetti-sakkiz kishi) ovoz berish jarayonini sinchkovlik bilan kuzatib borsa, saylovlarning natijalarini soxtalashtirishning imkoni qolarmikin? Yo‘q, qolmaydi! Bunday ochiq-oshkoralik, shaffoflik, keng ko‘lamli kuzatuv ilgarigi saylovlarda kuzatilmagan hol.

Qaysi partiya, qaysi nomzod o‘z saylovoldi dasturlarida elektoratning dardu tashvishlarini, orzu-niyatlari, qiziqishlarini ko‘proq ifodalasa, saylovchilar o‘shani qo‘llab-quvvatlaydi. O‘sha partiyaning nomzodi deputatlik martabasiga musharraf bo‘ladi. Bu – ham qonuniy, ham tabiiy.

Demokratik plyuralizm sharoitida xalqimizga xos bag‘rikenglik va olijanoblik, mehr-oqibat, izzat-hurmat, yuksak siyosiy-huquqiy madaniyat ham keng namoyon bo‘lishiga shubha yo‘q. Saylov kampaniyasi davrida partiyalar va nomzodlar o‘zaro raqobatga va bahsga kirishish asnosida ana shu qadimiy an’analarimizni, fazilatlarimizni unutmasligi kerak. Ba’zi mamlakatlarda bo‘lgani kabi bir-birini yomon otliq qilish, bir-birining ustiga mag‘zava ag‘darish na demokratiya tamoyillariga, na odob-axloq normalariga va na inson ma’naviyatiga to‘g‘ri keladi.

Yana bir haqiqat shundaki, saylovlarning ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umume’tirof etilgan demokratik standartlarga mos o‘tishi – ko‘p jihatdan siyosiy partiyalarning ushbu jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rishi hamda chuqur o‘ylangan yangi g‘oya va maqsadlar, dasturlar bilan faol ishtirok etishiga bog‘liq.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, qaysi partiyaga mansubligidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizni birlashtiradigan yagona va mushtarak maqsad – bu jonajon O‘zbekistonimiz, uning buyuk kelajagidir. Ayni shu maqsad hammamizni Ona yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilishga da’vat etadi.




O‘zA muxbiri
Norgul ABDURAIMOVA
suhbatlashdi

25.09.2019 490