AQSHda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Bugun 2020 yilning 3 noyabr kuni AQSHda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. “Oq uy” uchun asosiy kurashlar ikki yirik siyosiy partiyalarning vakillari – respublikachilar partiyasidan bo‘lgan amaldagi prezident Donald Tramp hamda demokratlar partiyasi nomzodi Jo Bayden o‘rtasida bo‘lmoqda.

AQSHda saylov kampaniyasi joriy yilning 4 fevral kuni boshlangan. Kampaniya davrida  nafaqat nomzodlar balki saylovchilarning faolligi AQSH tarixida muddatidan oldin ovoz berishni rekord darajaga olib chiqdi. 3 noyabr holatiga ko‘ra, 98 milliondan ortiq saylovchilar ovoz berib bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlar 35 ta shtatda 50 foizdan ortiq saylovchilar  muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida ishtirok etganini ko‘rsatmoqda.

The Guardian nashrining xabar berishicha muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida qariyb 60 million kishi pochta orqali, 34 million kishi esa joylarda ovoz bergan.

Amerika saylov qonunchiligiga ko‘ra, AQSHlik saylovchilar bugun AQSH prezidentligi uchun nomzodlarga va saylov delegatlariga ovoz berishadi. Saylov delegatlar esa AQSH prezidenti  va vise-prezidentini saylashadi.

Bir qator mamlakatlardan farqli o‘laroq, AQSHda prezidentlikka nomzodlar xohlagan muddat davomida saylovoldi tashviqotini o‘tkazishlari mumkin. Masalan, Prezident Tramp 2017 yildan buyon  turli shtatlarda "Amerikani qaytadan buyuk qil" shiori ostida muntazam ravishda saylovoldi tashviqotlarini o‘tkazib kelmoqda.

So‘ngi bir hafta ichida prezident Donald Tramp saylovning asosiy natijalarini hal qiluvchi shtatlar bo‘ylab saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Demokratlar saylovoldi tashviqotini televideniya orqali o‘tkazishga bor e’tiborini qaratgan.

Prezident etib saylanish uchun nomzodlardan biri saylov qo‘mitasida umumiy hisobda eng kamida 270 delegatga ega bo‘lgan shtatlarda g‘olib chiqishi lozim. Delegatlar soni muhim bo‘lgani bois amalda mamlakat bo‘ylab eng ko‘p ovoz olgan nomzod prezident etib saylana olmagan holatlar ham kuzatilgan. Demak, AQSH prezidenti kim bo‘lishini  delegatlarning yakuniy natijasi belgilab beradi.

03.11.2020 59