Vakolatli vakil qanday vazifalarni bajaradi?

Yaqinda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga tegishli guvohnomalar topshirildi. Vakolatli vakil kim? U qanday vazifalarni amalga oshiradi? Umuman olganda, vakolatli vakillar saylovlar jarayonida qanday o‘rin tutadi?

Ilhom TO‘RAEV,
Baxmal tumani.

Bahodirjon YuNUSOV, Markaziy saylov komissiyasi a'zosi:

— Bu haqda O‘zbekiston Saylov kodeksida alohida modda kiritilgan. Jumladan, uning 34-moddasiga muvofiq, siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlaydi. Siyosiy partiya tomonidan vakolatli vakil tayinlash masalasi ikki bosqichda ro‘yobga chiqariladi.

Birinchi bosqichda, siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini belgilangan qoidalar asosida amalga oshirish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan munosabatlarni olib borish uchun vakolatli vakil tayinlanadi.

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e'lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakillikka nomzodning tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqib, uch kunlik muddatda uni ro‘yxatga oladi va belgilangan shaklda guvohnoma beradi.

Ikkinchi bosqich bevosita hududiy partiya organlaridan tayinlanadigan vakolatli vakil faoliyati bilan bog‘liq. Bunday vakolatli vakil saylov uchastkasida ish olib boradi.

Ya'ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan e'tiboran o‘z vakolatli vakillarini tayinlaydi.

Ayrim hollarda vakolatli vakilga guvohnoma berish rad etilishi mumkin. Jumladan, vakolatli vakillikka nomzod 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa, saylovga o‘n besh kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa, tegishli hujjatlar to‘liq taqdim etilmasa, guvohnoma berish rad etilishi mumkin.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili saylov komissiyasining majlislarida, saylov komissiyalariga hujjatlarni, shu jumladan to‘plangan imzo varaqalarini topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishga, uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish, shu jumladan uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini olishga haqli.

Ciyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining xatti-harakati va qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda shu saylov komissiyasiga yoki yuqori saylov komissiyasiga yoxud sudga shikoyat qilishi mumkin. Ciyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborot matbuotda e'lon qilingan kundan e'tiboran tugagan hisoblanadi.

Mazkur institutning saylov kampaniyasi davrida faol ish olib borishi saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonununiyligini ta'minlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

 

Yunus BO‘RONOV
(“Xalq so‘zi”) yozib oldi.

27.09.2019 653