Markaziy saylov komissiyasining vakili YEXHTning Inson mezonlari boʻyicha kengashida ishtirok etmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlis palatalari, Markaziy saylov komissiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz va boshqa tashkilotlar vakillari bor.

photo_2019-09-16_14-53-20.jpg

Kengashda Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi G.Rahimova ishtirok etmoqda.

YEXHTning inson mezonlari boʻyicha kengashi Yevropadagi inson huquqlari sohasidagi eng yirik anjuman boʻlib, yiliga bir marta Varshavada oʻtkaziladi. Mazkur muloqot maydonida YEXHTga aʼzo 57 davlatning rasmiy delegatsiyalari, hamkor davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ularning ixtisoslashtirilgan muassasalari, shuningdek, nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etadi.

Kengash davomida oʻn sakkizta amaliy sessiyadan tashqari, boshqa tadbirlar ham boʻlib oʻtadi.

YEXHTga aʼzo davlatlar hukumatlari va nodavlat sektorlari vakillari bagʻrikenglik va kamsitmaslik, qonun ustuvorligi, asosiy erkinliklar, gumanitar va boshqa masalalarni oʻz ichiga olgan insoniylik mezonlari sohasida qabul qilingan majburiyatlarining bajarilishi va bu borada erishilgan yutuqlar haqida hisobot beradi. Hisobotlar muhokama qilinadi. Ayni paytda, kun tartibidan “Jurnalistlar xavfsizligi” va “Alamzadalikdan kelib chiqadigan jinoyatlar” kabi mavzular ham joy olgan.

Kengashni Polshaning Tashqi ishlar vaziri, Slovakiya Tashqi ishlar vaziri, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha Byurosi (DIIHB) direktori, YEXHT Bosh kotibi, YEXHT Parlament Assambleyasi Prezidenti va YEXHT intsitutlarining rahbarlari ochib berdilar.

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Inson huquqlari boʻyicha milliy markazi direktori Akmal Saidov soʻzga chiqdi.

Kengashda Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatni rivojlantirishning yangi bosqichiga oid amaliy chora-tadbirlar, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquqlari va erkinliklari, qonun ustuvorligini taʼminlashning eng muhim va dolzarb vazifalarni roʻyobga chiqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼruzalarini taqdim etadi.
photo_2019-09-14_14-42-37.jpg


Kengash yigʻilishi ikki hafta davom etadi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

16.09.2019 314