Belarus Respublikasi delegatsiyasi MSKga tashrif byurdi

Joriy yilning 30-sentyabr kuni mamlakatimizga Belarus Strategik tadqiqotlar institutining direktor oʻrinbosari Shendik Tatyana Aleksandrovna boshchiligidagi Belarus delegatsiyasi tashrif buyurdi.

4-oktyabrga qadar davom etadigan tashrif doirasida Belarus Strategik tadqiqotlar instituti ekspertlaridan iborat mehmonlar mamlakatimiz Parlamenti quyi palatasida, qator vazirlik, idora va muassasalarda, shu jumladan fuqarolik jamiyati institutlarida uchrashuvlarni amalga oshirishi koʻzda tutilgan. Xususan, 2-oktyabr kuni ekspertlar guruhi Marakaziy saylov komissiyasida ham boʻldi.

Uchrashuv doirasida mehmonlarga 2019-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish va samaradorligini oshirish, komissiya aʼzoligiga nomzodlar uchun yangi formatda oʻquv-seminarlari tashkil etish, xalqaro saylov standartlari va tartib-taomillarini birlashtirgan yangi Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va uning afzalliklari, shuningdek, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakillantirish va ulardan foydalanish kabi dolzarb masalalar yuzasidan maʼlumot berildi.

Oʻz navbatida Belaruslik mehmonlar demokratik saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq Belarus Respublikasi tajribasi va qonuniligining oʻziga xos xususiyatlari haqida gapirib, soʻngi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga, shu jumladan saylov qonunchiligi va amaliyotiga yuksak baho berdilar.

Ikki tomonlama muloqot davomida tomonlar vaqti-vaqti bilan oʻtkaziladigan demokratik saylovlarni tashkil etishda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning saylov organlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini alohida taʼkidladilar.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati 

02.10.2019 290