Vakolatli vakil: Jamoat nazoratining muhim boʻgʻini

Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etar ekan, oʻz maqsadlari va gʻoyalari asosida ishlab chiqilgan saylovoldi dasturiga binoan deputatlikka nomzodlar koʻrsatadi va ularning saylanishi uchun keng qamrovli tashviqot ishlarini olib boradi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Siyosiy partiyaning vakolatli vakili toʻgʻrisidagi nizomda bu jarayon batafsil belgilab qoʻyildi.

Saylov jarayonida tegishli saylov komissiyalari bilan munosabatlarga kirishish va boʻlayotgan jarayonlarni bevosita joyida kuzatish va jamoat nazoratini oʻrnatish maqsadida, siyosiy partiyalar tomonidan vakolatli vakillarning tayinlanishi  saylov jarayonlarida muhim oʻrin tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasiga muvofiq siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Siyosiy partiya tomonidan vakolatli vakil tayinlash masalasi ikki bosqichda amalga oshirilishini koʻrish mumkin.

Birinchi bosqichda siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini belgilangan qoidalar asosida amalga oshirish bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan munosabatlarni olib borish uchun vakolatli vakil tayinlanadi.

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman eʼlon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda oʻz vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakillikka nomzodning tegishli xujjatlarni koʻrib chiqib, uch kunlik muddatda uni roʻyxatga oladi va belgilangan shaklda guvohnoma beradi.

Ikkinchi bosqich bevosita hududiy partiya organlaridan tayinlanadigan vakolatli vakil faoliyati bilan bogʻliq. Bunday  vakolatli vakil saylov uchastkasida ish olib boradi.

Yani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan eʼtiboran oʻz vakolatli vakillarini tayinlaydi.

Siyosiy partiya hududiy organining rahbari saylovga kamida oʻn besh kun qolganida ariza bilan tegishli saylov komissiyasiga siyosiy partiyaning vakolatli vakillari roʻyxatini (ismi-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami koʻrsatilgan holda) taqdim etadi.

Bunda ariza:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

mahalliy kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati saylovi hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovi bir vaqtda oʻtkazilganida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

Tegishli saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakillari roʻyxati kelib tushgan vaqtdan boshlab, besh kun ichida vakolatli vakillarni roʻyxatga oladi va belgilangan shaklda guvohnoma beradi.

Shu bilan birga, ayrim hollarda vakolatli vakilga guvohnoma berish rad etilishi mumkin. Jumladan, vakolatli vakillikka nomzod 18 yoshga toʻlmagan boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa, saylovga oʻn besh kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa, tegishli saylov okrugi boʻyicha siyosiy partiyadan nomzod roʻyxatga olinmagan boʻlsa,  tegishli hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa, guvohnoma berish rad etilishi mumkin.

Siyosiy partiya saylovga qadar istagan vaqtda tegishli saylov komissiyasini yozma ravishda xabardor qilgan holda vakolatli vakilni vakolatidan mahrum qilishi mumkin.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili saylov komissiyasining majlislarida, saylov komissiyalariga hujjatlarni, shu jumladan toʻplangan imzo varaqalarini topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishga, uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish, shu jumladan uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan koʻchirma nusxasini olishga haqli.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashishi mumkin emas.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining guvohnomasini oʻz yonida olib yurishi shart.

Ciyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining xatti-harakati va qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda shu saylov komissiyasiga yoki yuqori saylov komissiyasiga yoxud sudga shikoyat qilishi mumkin. Ciyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari toʻgʻrisidagi axborot matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran tugagan hisoblanadi.

Mazkur institutning saylov kampaniyasi davrida faol ish olib borishi  saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonununiyligini taʼminlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Bahodirjon YUNUSOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

 Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi.

17.10.2019 359