Mahalla mening taqdirimda: Boʻlajak saylovlarda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining tutgan oʻrni va nufuzi

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2018-yil 28-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim qilgan Murojaatnomada: “Kelgusi yili mamlakatimizda Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga navbatdagi saylov oʻtkaziladi. Yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu siyosiy jarayonni milliy qonunchiligimiz va xalqaro standartlar asosida yuqori saviyada oʻtkazish uchun har tomonlama tayyorgarlik ishlarini boshlashimiz zarur”, deb taʼkidlagan edi.

2019-yil 25-iyun kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Saylov kodeksi” 18 bob, 103 moddadan iborat boʻlib, xalqaro saylov standartlari implementatsiya qilinganligi bilan xalqaro hamjamiyatda eng demokratik saylov hujjatlaridan biri sifatida eʼtirof etilayotganligi har birimizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Malumki, xalqaro saylov tamoyillarida umumiylik, tenglik, toʻgʻridan-toʻgʻri, ixtiyoriylik, oshkoralik, adolatlilik, tamoyillari ustuvor ahamiyatga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8-moddasi “Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishdagi ochiqlik va oshkoralik” deb nomlangan boʻlib boʻlajak saylovlarda oshkoralik tamoyilini roʻyobga chiqarish uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasida “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatining prinsiplari qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining usutvorligi, demokratizm, oshkoralik, ijtimoiy adolat, mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda mustaqillik, jamoatchilik asosidagi oʻzaro yordam, ijtimoiy sheriklik, mahalliy urf-odatlar va anʼanalarni hisobga olishdan iboratdir” deb belgilab qoʻyilgan.

Saylov kodeksi 8-moddasini roʻyobga chiqarishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar belgilanishi saylov qonunchiligining fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati asosiy prinsiplariga uygʻunlashuvini koʻrishimiz mumkin.

Darhaqiqat,  saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi.

Saylov komissiyalari fuqarolarni oʻz ishi toʻgʻrisida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqti toʻgʻrisida xabardor etadi, saylovchilarning roʻyxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishtiradi,  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar toʻgʻrisidagi, shuningdek ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi maʼlumotlarni maʼlum qiladi.

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday oʻtayotganligini yoritib boradi. Saylov komissiyalarining majlislari ochiq oʻtkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi yoki Saylov Kodeksida belgilangan tartibda hammaga maʼlum qilinadi. Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.

Shu oʻrinda xalqaro hujjatlarda oshkoralik tamoyili haqida quyidagi tariflar berilganligini keltirish oʻrinlidir.

Oshkoralik tamoyili, saylovlar oshkoralik tamoyillariga asoslangan qonunlarga muvofiq oʻtkazilishi koʻzda tutiladi. Oshkoralik saylov jarayonida qonunga xilof harakatlarga chek qoʻyadi. Shunday qilib, ovozlarni sanash saylov uchastkasi darajasidan tortib, to Markaziy saylov komissiyasi darajasigacha ham oshkora koʻrilib tasdiqlangan boʻlishi shart. Ovozlarni sanab chiqishda nomzodlarning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va ja- moat birlashmalari vakillari ilmiy va xorijiy kuzatuvchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari hozir boʻlishi mumkin. Bu jarayonlar saylovlarning yashirin oʻtkazish prinsipiga zid kelmaydi. Balki haqqoniy oʻtishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 33-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq  Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlarda  fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kuzatuvchilari toʻgʻrisida Markaziy saylov komissiyasining Nizomi qabul qilingan.

Nizomda kuzatuvchilarning huquqiy maqomini, huquq va majburiyatlarini hamda ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi belgilangan.

Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida kuzatuvchi qatnashish huquqiga ega. Kuzatuvning maqsadi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat. Saylov komissiyalari kuzatuvchini mandati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga asosan roʻyxatga olgandan keyin unga oʻz vakolatlarini toʻlaqonli hamda toʻsqinliksiz amalga oshirishi uchun sharoit yaratib beradi.

Shuni alohida takidlash joizki, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli), uning oʻrinbosari, maslahatchisi, shuningdek fuqarolar yigʻini organlarining boshqa mansabdor shaxslari kuzatuvchi boʻlishi mumkin.

Shu oʻrinda mansabdor shaxsi degan tushunchaga tarif beradigan boʻlsak, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasida Fuqarolar yigʻini toʻgʻrisidagi nizomi talablari berilgan va ushbu nizomda  Fuqarolar yigʻini raisini, uning  oʻrinbosarlarini, va maslahatchilarini saylash, shuningdek fuqarolar yigʻini organlarining boshqa mansabdor shaxslarini saylash, tasdiqlash va tayinlash tartibi belgilangan. Ushbu Nizom asosida ushbu toifadagi shaxslarning roʻyxatini tuzilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan Nizomga asosan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari okrug saylov komissiyasi tuzilganidan keyin ularga ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga kuzatuvchilarning roʻyxati (ismi-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami koʻrsatilgan holda), ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxalari, 3x4 sm. oʻlchamdagi ikki dona fotosurat ilova qilinadi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻz kuzatuvchilari toʻgʻrisida okrug saylov komissiyalariga saylovga kamida oʻn besh kun qolgunga qadar murojaat qilishi mumkin. Okrug saylov komissiyasi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining arizasini olgandan keyin besh kun ichida qaror qabul qiladi va kuzatuvchi uchun mandat beradi.

Mandat namunasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 29-iyuldagi 924-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi. Mandatda siyosiy partiyani boshqa siyosiy partiyadan va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan farqlash uchun alohida belgilar (mandat rangi yoki boshqa) aks ettirilishi mumkin.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari okrug saylov komissiyasidan mandatlarni olgandan soʻng ularni kuzatuvchilarga yetkazilishini taʼminlaydi.  Agarda kuzatuvchilikka nomzod 18 yoshga toʻlmagan boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa; saylovga oʻn besh kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa;  fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining mansabdor shaxsi boʻlmasa va belgilangan hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa kuzatuvchiga mandat berish rad etilishi mumkin.

Kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek ovoz berish kuni mandatni taqib yurishi shart boʻladi.

Kuzatuvchining vakolat muddati unga mandat berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman eʼlon qilingan kuni tugaydi. Tegishli saylov komissiyasi tomonidan takroriy ovoz berish yoki takroriy saylov oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, kuzatuvchilar mandatining amal qilishi tegishli muddatga uzaytiriladi.

Kuzatuvchining huquq va majburiyatlariga toʻxtaladigan boʻlsak,  kuzatuvchi:

saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlish; nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etishi;

saylov uchastkasida hozir boʻlish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning roʻyxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatishi;

saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatish; muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti va joyi haqida xabardor boʻlish hamda ushbu jarayonni kuzatish; saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berish jarayonini kuzatish; ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir boʻlishi;

saylov natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini soʻrash va olish; saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirishi (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno);

kuzatuv natijalari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari vakillariga murojaat qilishi;

okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda okrug boʻyicha saylov natijalarini aniqlash jarayonida hozir boʻlish; qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylov jarayonini kuzatish xohishi toʻgʻrisida okrug saylov komissiyasiga saylovga kamida uch kun qolganda xabar berishi;

agar saylov uchastkasida saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan deb hisoblash uchun asoslar boʻlsa, oʻz kuzatuvlari toʻgʻrisida ushbu uchastka saylov komissiyasi aʼzolariga ularning ishiga aralashmagan holda maʼlum qilish, shuningdek yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berish; saylov toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari haqida, shuningdek saylovga tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtkazilishi boʻyicha oʻz fikrini bayon qilishi huquqiga ega.

Kuzatuvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanadi.

Shu bilan birgalikda kuzatuvchi: oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga amal qilishi; barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan mandatni hamda oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda mansabdor shaxslar talabiga muvofiq ularni koʻrsatishi; oʻz xulosalarini shaxsan oʻtkazilgan kuzatuv va haqiqiy materiallar bilan asoslashi shart.

Kuzatuvchiga quyidagilar man etiladi:

saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlish;

saylovchilarga taʼsir oʻtkazish, biron bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish; saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qoʻyishda biron-bir tarzda yordam koʻrsatish;

uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish; saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish.

Kuzatuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga va ushbu Nizom qoidalariga rioya etmagan taqdirda, okrug saylov komissiyasi uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin.

Shuningdek, kuzatuvchi saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin. Kuzatuvchi shikoyatni koʻrib chiqishda bevosita ishtirok etishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, boʻlajak saylovlarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarning ishtiroki saylov qonunchiligidagi yangilik boʻlib, ushbu yangi normani amalga oshirilishida hududlarda ijtimoiy adolat va qonuniylik asosida xalqimizning ogʻirini yengil qilish va rozi qilish yoʻlida  astoydil mehnat qilayotgan mahalla faollari yuqori saviyada ishtirok etishlari yurtimizning obroʻsini yanada ortishiga munosib hissa boʻladi.

Yunusov Bahodirjon

Markaziy saylov komissiyasi azosi

17.10.2019 557