Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida saylovlarga tayyorgarlik ishlari qizg‘in kechmoqda

2019-yilning 22-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga umumxalq saylovlari bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak saylovlarni o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish ishlari tobora qizg‘in kechmoqda. Saylovda ishtirok etish har bir inson hayotidagi eng mas’uliyatli davr hisoblanadi. Axir, har bir fuqaro ovozi mamlakat taqdiri va uning ertangi taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liqdir. Bu yilgi saylovlar O‘zbekistonda mutlaqo yangi sharoitda o‘tkaziladi. Shu kunlarda Vatanimizning barcha hududlarida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ushbu siyosiy kampaniyaga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Tadbirlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad saylov qonunchiligidagi yangiliklarni keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

Aytish lozim, Farg‘ona viloyatining Sux tumanida ham saylovlarga tayyorgarlik ishlari qizg‘in kechmoqda. Tumanda saylash huquqiga ega bo‘lgan 44 684 nafar fuqaro istiqomat qiladi. 22-dekabr kuni bo‘ladigan saylovlarda suxliklar tumanning 30 ta saylov uchastkasida o‘z konstitutsion huquqlaridan foydalanib, munosib nomzodlarga ovoz berishadi. Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida tuman saylov komissiyasi a’zolari bevosita O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ko‘rsatma va topshiriqlari asosida ishlarini yo‘lga qo‘yishgan.

Joriy yilning 10-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda viloyat markaziy saylov komissiyasi vakillari ishtirokida tuman faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining bo‘lim boshlig‘i H.Abdurahmonov va Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi Farg‘ona viloyat saylov komissiyasi raisi E.Nuraliyevlar ishtirok etdi.

Tadbirda H.Abdurahmonov so‘zga chiqib, mamlakatimizda bo‘lajak saylovlar mutlaqo yangi tizim asosida o‘tkazilishini qayd etdi. Saylov qonuchiligida siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlash instituti shakllantirildi. Saylovlarga axborot boshqaruvini joriy etish ham zamon va davr talabidir. Saylov tizimida axborot-texnologiyalarini joriy etish katta ahamiyatga ega. Bugungi kungacha shu asosda 20 591 000 nafar saylovchining elektron ro‘yxati tuzildi. Tashkil etilgan elektron ro‘yxatda saylov okruglari va saylov uchastkalarining manzili, ularning joylashuvi, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari haqida ma’lumot, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka qo‘yilgan nomzodlarning ro‘yxati ham mujassam. Shu kungacha bizning saylov tizimimizda yagona ma’lumotlar bazasi shakllanmagan edi. Elektron ro‘yxat orqali keng ma’lumotlar zahirasi yaratildi. Shuningdek, “Saylov 2019” mobil ilovasi joriy etildi va ushbu tizim saylov ishtirokchilariga saylovga doir barcha ma’lumotlarni olishlari uchun keng sharoitni yaratib berishi sohada amalga oshirilgan islohotlarning samarasidir.

Yangi saylov tizimi orqali O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan, lekin ba’zi sabablarga ko‘ra xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, ijtimoiy xavfi past bo‘lgan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan mahkumlar ham o‘zlarining konstitutsion huquqlaridan, ya’ni saylash huquqlaridan to‘laqonli foydalanishlari mumkin. Zotan, ushbu siyosiy tadbirda insonparvarlik muhitini yaratish, barcha narsadan ustun bo‘lgan inson manfaatini himoyalash asosiy maqsadlardan biridir.

Yana bir jihat: yangi tizim orqali turli xil sabablarga ko‘ra saylovlarda ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan shaxslar ham bevosita muddatdan oldin ovoz berish huquqiga egadir. Misol uchun, saylash huquqiga ega bo‘lgan insonning saylov kuni imtihoni bo‘lishi mumkin, yoki jarrohlik amaliyotini o‘tkazish saylov kuniga to‘g‘ri keladigan fuqarolar muddatdan oldin qonun doirasida saylash imkoniga egadirlar.

Saylov qonunchiligidagi yangiliklarni keng ommaga yetkazishda ham imkoniyatlar va qulayliklar yaratildi. Bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lgan malakali trenerlar faoliyat yuritishmoqda. O‘zbekistonning barcha hududlarida saylov kampaniyasiga biriktirilgan trenerlar saylov qonunchiligi, tizimdagi yangiliklar va yangilanishlar haqida ishtirokchilarga seminar-treninglar orqali ma’lumotlarni yetkazib berishmoqda. Shuningdek, har bir fuqaro saylov tizimiga oid savollariga Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida ishga tushirilgan 1197 qisqa raqami orqali ham javob olishi mumkin. Chet elda yashayotgan vatandoshlarimizga ham saylovga doir ma’lumotlar + 998 555 02 4444 telefon raqami orqali beriladi.

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi Farg‘ona viloyat saylov komissiyasi raisi E. Nuraliyev ham o‘z so‘zida Sux va suxliklarda saylovlarni o‘tkazilishida katta tajriba borligi va ular bo‘lajak saylovlarda ushbu boy tajribadan foydalanishlariga katta ishonch bildirdi. Qayd etildiki, tuman ahli 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarni ko‘tarinkilik bilan o‘tkazishadi.

11.11.2019 491