O‘zbekistonga YeXHT DIIHBning saylov jarayonlarini kuzatish buyicha to‘laqonli missiyasi tashrif buyurdi

2019-yilning 23-noyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) saylov jarayonlarini kuzatish buyicha to‘laqonli missiyasi joriy yil 22-dekabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi.

Missiyani italiyalik Kaetana De Zulueta Outram boshqaradi. Missiya tarkibidan siyosiy, saylovlar, yuridik va OAV masalalari bo‘yicha ekspertlar o‘rin olgan.

Xalqaro kuzatuvchilardan iborat delegatsiya a’zolari Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida, mamlakatimizda saylov qonunchiligi xalqaro standartlar va ijobiy xorijiy amaliyotga muvofiq takomillashtirib borilayotganligiga alohida urg‘u berildi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov bu borada saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, saylov komissiyalari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha normativ huquqiy hujjatlar muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Xususan, respublikada saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. SYaER asosida Saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi (SJBAT) joriy etildi. U o‘z ichiga bir qator vazifalarni qamrab olgan. Jumladan, bu tizim fuqarolarni saylov uchastka komissiyalariga taqsimlash, saylovchini o‘zi yashab turgan joyga aloqador uchastka haqida ma’lumot olish hamda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini osonlashtirish imkoniyatini beradi.

Joriy yilgi saylovlarda 20 mln 600 mingga yaqin saylovchining ovoz berishi kutilmoqda. Ularning 2 mlndan ortig‘ini birinchi marta saylovda qatnashadigan yoshlar tashkil etadi.

Qolaversa, 2019-yil mamlakatimiz tarixida ilk bor saylov bilan bog‘liq barcha huquqiy me’yorlarni o‘z ichiga qamrab olgan yaxlit qonun hujjati – O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi. Ushbu muhim hujjatni ishlab chiqish jarayonida 50 dan ortiq xorijiy davlatning saylov qonunchiligi tahlil qilindi. Keng jamoatchilik muhokamasi va xalqaro tashkilotlar ekspertizasidan o‘tkazilib, hayotga tatbiq etildi. Mamlakat teleradiokanallari va bosma OAVlarida 17 200ga yaqin ko‘rsatuv, eshittirish, maqola va xabarlar e’lon qilindi, deyildi muloqot davomida.

Shu yilning iyul oyida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yurtimizda o‘tkazilajak muhim siyosiy tadbirni ochiq va oshkora, umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga muvofiq ravishda o‘tkazish bo‘yicha kompleks tayyorgarlik ko‘rildi. Ushbular inobatga olinib, xalqaro majburiyatlardan kelib chiqqan holda saylov jarayoni va bo‘lajak saylovlarga hozirlik ko‘rishni baholash uchun YeXHT DIIHB missiyasi vakillari taklif etilgan edi.

O‘shanda respublikamizda bo‘lgan YeXHT DIIHBning Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiya (EBM) mamlakatda erkin va demokratik saylovlar o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi.

Xususan, YeXHT DIIHB EBMning hisobotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohasida, shu jumladan valyutani tartibga solishni liberallashtirish, viza rejimini soddalashtirish va qo‘shnilar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, bir qancha siyosiy mahbuslarni ozod etish va huquqni muhofaza qilish tizimidagi uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichi keng ko‘lamli missiyani jo‘natish uchun asos bo‘lishi ta’kidlangan edi.

Hisobotda saylovlar saylov qonunchiligi sezilarli darajada yangilangan sharoitda o‘tishi alohida ta’kidlangan. O‘zbekiston tomonidan jazoni o‘tash joylarida saqlanayotgan ayrim toifadagi shaxslarning saylovlarda ishtiroki borasidagi cheklovlarning olib tashlangani; to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov prinsiplariga zid bo‘lgan Qonunchilik palatasidagi o‘rinlar uchun kvotalar institutining bekor qilingani va YeXHTning yana boshqa bir qator tavsiyalari bajarilgani ijobiy baholangan edi.

Aytish o‘rinliki, mamlkatimizga tashrif buyurgan saylovni kuzatish missiyasi saylovni baholashda YeXHT majburiyatlari, demokratik saylov o‘tkazilishining xalqaro standartlari va talablari hamda milliy qonunchilikka tayanadi. Kuzatuvchilar saylov kampaniyasi tadbirlarini, saylov ma’muriyati va mutasaddi tashkilotlar faoliyatini, qonunchilikka rioya qilish jarayonlarini kuzatadi. Ekspertlar saylov tadbirlari ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishini monitoring qilib boradi.

YeXHT DIIHB Kuzatuvchilari cheklangan missiyasining o‘ttizga yaqin kuzatuvchisi qatnashgan avvalgi parlament saylovlaridan farqli o‘laroq, bo‘lajak saylovlarda uch yuzga yaqin vakil ishtirok etishi kutilmoqda. Saylov kuni kuzatuvchilar saylov uchastkalarining ochilishi, ovoz berish jarayoni, ovozlarni sanash va uning natijalarini taqdim qilish jarayonlarini kuzatadi.


Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

 

25.11.2019 638