MDH Parlamentlararo assambleyasi kuzatuvchilari bilan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovini kuzatish va monitoring qilish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan MDHning Parlamentlararo Assambleyasi xalqaro kuzatuvchilari 2019-yilning 2-dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Rahbarlari bilan uchrashdi.

Uzoq muddatli kuzatuvchilar missiyasiga MDHning Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) ishtirokchi-davlatlarining demokratiyani rivojlantirish, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etishini monitoring qilish xalqaro instituti direktori vazifasini bajaruvchisi Ye.V.Goloulina boshchilik qilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusalomov MDHning Parlamentlararo Assambleyasidan xalqaro kuzatuvchilar missiyasi vakillariga joriy yil bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilayotganligi, xususan, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi haqidagi nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish, saylov jarayoniga zamonaviy AKTni joriy etish, saylov qonunchiligini targ‘ib qilish oyligini tashkil qilish va o‘tkazish, siyosiy tadbirlarda yoshlarning faolligini, xotin-qizlarning saylovlardagi rolini yanada kuchaytirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, respublikada saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. SYaER asosida Saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi (SJBAT) joriy etildi. U o‘z ichiga bir qator funksiyalarni qamrab olgan. Jumladan, bu tizim fuqarolarni saylov uchastkalari bo‘yicha taqsimlash, saylovchi o‘zi ovoz beradigan saylov uchastkasi haqida ma’lumot olish, shuningdek, tizimdagi qulayliklar okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini osonlashtirish imkoniyatini beradi.

Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatida saylovlarda ishtirok etishi kutilayotgan 20 mln 600 mingga yaqin saylovchining ro‘yxati shakllantirilgan. Ularning 2 mlndan ortig‘ini birinchi marta saylovda qatnashadigan yoshlar tashkil etadi, deyildi uchrashuvda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlab o‘tish joiz, 1992-yilning 27-mart kuni Olma-ota shahrida (Qozog‘iston Respublikasi) ishtirokchi davlatlar parlament rahbarlari - ta’sischilar tomonidan imzolangan kelishuvga muvofiq, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi - davlatlar parlamentlararo assambleyasiga asos solingan.

1995 yilning 26 may kuni esa MDH davlat rahbarlari MDH ishtirokchi - davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi haqidagi Konvensiyani imzolaganlar. Bu o‘z navbatida Hamdo‘stlikning a’zo davlatlari parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilingan. Mazkur xujjatga ko‘ra, Parlamentlararo Assambleya xalqaro tashkilot maqomiga ega bo‘ldi.

Sermazmun o‘tgan uchrashuvda bu yilgi saylovlarning ochiq va shaffof, xalqaro normalarga muvofiq o‘tishiga tilak bildirildi. Tadbir yakunida mehmonlarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqini beradigan tegishli namunadagi mandatlar topshirildi.

Ma’lumot uchun:

Parlamentlararo Assambleya:

ishtirokchi-davlatlar turli jabhalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladi, mazkur yo‘nalishdagi o‘z tavsiyalarini davlat rahbarlari huzuridagi kengashga yoki hukumat rahbarlari huzuridagi kengashga yoki MDHning boshqa vakolatli organlariga, parlamentlariga yuboradi;

Davlat rahbarlari huzuridagi kengash va hukumat rahbarlari huzuridagi kengash tomonidan taqdim etilgan masalalarni ko‘rib chiqadi, hamda mazkur ish bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini Davlat rahbarlari huzuridagi Kengash yoki hukumat rahbarlari huzuridagi Kengash hamda MDH boshqa organlariga yuboradi;

ishtirokchi-davlatlar qonunchiligini mutanosiblashtirish bo‘yicha tavsiyalarni qabul qiladi;

Namunaviy qonun xujjatlarini qabul qiladi va tegishli tavsiyalar bilan ularni MDH PAA Konvensiyasining qatnashchilari bo‘lgan davlatlar parlamentiga yuboradi.

MDHga a’zo davlatlar parlamentlari tomonidan Hamdo‘stlik doirasida tuzilgang shartnomalarni tasdiqlash uchun tartib-tamoyillarni sinxronlashtirish bo‘yicha tavsiyalarni qabul qiladi;

Ishtirokchi-davlatlar qonunchiligini Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida ushbu davlatlar tomonidan tuzilgan xalqaro shartnomalar qoidalariga(nizomlariga) muvofiqlashtirish bo‘yicha tavsiyalarni qabul qiladi;

ishtirokchi davlatlar o‘rtasida huquqiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ayirboshlanishiga doir o‘zining amaliy yordamini ko‘rsatadi;

Parlamentlararo hamkorlikning boshqa masalalarida ham hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.

MDH PA asosiy vazifalaridan yana biri – saylov jarayonlarini kuzatishdan iborat.

Kuzatuvchilar va ekspertlar saylov qonunchiligini tahlil qilib, xulosalar chiqaradilar, yutuq va kamchiliklar borasida o‘z tavsiyalarini beradilar. Saylov jarayonlarini kuzatish Parlamentlararo Assambleyaning muhim bo‘linmalaridan biri – Ishtirokchi-davlatlarning demokratiyani rivojlantirish, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etishini monitoring qilish xalqaro instituti tomonidan muvofiqlashtiriladi.

02.12.2019 40