Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekistonda

O‘zbekistonga Shanxay hamkorlik tashkilotining Bosh kotibi o‘rinbosari Se Syaoyun boshchiligidagi kuzatuvchilar missiyasi tashrif buyurdi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan SHHT kuzatuvchilar missiyasi parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayoni bo‘yicha kuzatuvni amalga oshiradi.

Markaziy saylov komissiyasida delegasiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov ekspertlarga joriy yil bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilayotganligi, xususan, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi haqidagi nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish, saylov jarayoniga zamonaviy AKTni joriy etish, saylov qonunchiligini targ‘ib qilish oyligini tashkil qilish va o‘tkazish, siyosiy tadbirlarda yoshlarning faolligini, xotin-qizlarning saylovlardagi rolini kuchaytirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Shanhay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Se Syaoyun saylov jarayonining ochiq va oshkoraligi, fuqarolarning saylash va saylanish huquqidan teng va erkin foydalanishlari uchun O‘zbekistonda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish istagi borligini qayd etdi.

Ta’kidlash joiz, Missiya saylov jarayoni borishi haqida materiallarni to‘plash, ularga ishlov berish va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va televizion dasturlar hamda bosma OAVda chiqayotgan saylovga oid materiallarni monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

Yaqin kunlarda O‘zbekistonga yana Turkiyzabon davlatlar Parlament assambleyasi (TURK PA) va  Turkiyzabon davlatlar hamkorligi kengashi (TDHK) missiyasidan kuzatuvchilar kelishi kutilmoqda. Xozirgi kunga qadar,  Tashqi ishlar vazirligi taqdimnomasiga binoan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT/DIIHB), YeXHT Parlament assambleyasi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH), Shanhay hamkorlik tashkiloti (SHHT) kabi missiyalarning 825 nafar xalqaro kuzatuvchilari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditasiyadan o‘tkazilgan. 

Markaziy saylov komissiyasining
Matbuot xizmati

17.12.2019 46