DAVLAT TILIGA OID QONUN IJROSIGA BAGʻISHLANDI

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida  “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan monitoring  natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasida davlat tilini rivojlantirishga oid vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda  o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish,  o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishga qaratilgan  farmonlarida  belgilab berilgan ustivor vazifalar muhim omil bo‘lmoqda.

Turli millatlar vakillaridan iborat  Markaziy saylov komissiyasi mehnat jamoasining deyarli barcha a’zolari davlat tilini pishiq-puxta biladi. Saylov komissiyasining barcha majlislari, matbuot anjumanlari, brifinglar, konferensiyalar, seminarlar ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirokida davlat tilida o‘tkaziladi. Normativ-huquqiy hujjatlar davlat tilida ishlab chiqiladi va qabul qilinadi. Milliy saylov tizimida davlat tilini joriy etish va rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning yuksak samaralari 2019 yil 22 dekabr kuni mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga “Yangi O‘zbekiston, yangi saylovlar” shiori ostida o‘tkazilgan saylovlar jarayonida ham yorqin namoyon bo‘ldi.

Komissiya binosida o‘rnatilgan barcha tashqi yozuvlar, jumladan, e’lonlar, ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi davlat tiliga oid qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ishchi guruhi faoliyatini,   tizimni davlat tiliga doir zarur lug‘atlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan nashr etilgan zamonaviy lug‘atlar va qo‘llanmalar bilan ta’minlashni takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

 

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

18.11.2020 38