Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi BSOA Ijroiya Kengashining navbatdan tashqari majlisida ishtirok etdi

Ijroiya kengashi Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan siyosiy qarorlar ijrosi nazorati hamda BSOA kotibiyati qoida va nizomlarini tasdiqlovchi organ hisoblanadi. Oʻzbekiston MSK 2017-yildan buyon kengash aʼzosidir.

Tadbirda Ijroiya kengashining 16 aʼzosidan 25 nafardan ortiq vakil, shuningdek, assotsiatsiyaning (Koreya Respublikasining milliy saylov komissiyasi, JAR saylov komissiyasi) 2 aʼzosidan 4 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi. Yigʻilish kun tartibi doirasida BSOA raisining yangi oʻrinbosarini, bosh kotibini, nazorat va audit, tashkilot daromad manbalarini diversifikatsiyalash qoʻmitalari aʼzolarini saylash kabi masalalar koʻrib chiqildi.

Kengash aʼzolari bir qator davlatlar saylov organlari tomonidan assotsiatsiyaga aʼzo boʻlish uchun berilgan yangi arizalarga alohida eʼtibor qaratishdi. Hindiston saylov komissiyasi Nyu-Dehlida BSOAning hududiy boʻlinmasini tashkil qilish taklifi bilan chiqdi. Mazkur boʻlinmaning saylov tashkilotchilarini oʻqitish markazi sifatida faoliyat yuritishi koʻzda tutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi vakillari BSOAning navbatdan tashqari yigʻilishidagi ishtiroki doirasida BSOA bosh kotibi Kim Yon Xi, Ruminiya Doimiy saylov organi raisi Ion Minku Radulesu, Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi raisi Sun Il Kvon bilan uchrashdi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlikning bir qator, xususan, mazkur tashkilot doirasidagi masalalari muhokama etildi.

Oʻzbekiston tomonidan boʻlib oʻtadigan parlament saylovlariga tayyorgarlik haqida maʼlumot berilib, chet el saylov organlari va xalqaro tashkilotlar vakillarini xalqaro kuzatuvchilar sifatida taklif etilishi koʻzda tutilayotgani bildirildi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

04.09.2019 311