Maʼmuriy sudlar sudyalari uchun seminar-trening boʻlib oʻtdi

Avval xabar qilinganidek, Markaziy saylov komissiyasining YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikdagi “Oʻzbekiston Respublikasi saylov amaliyotini takomillashtirishga koʻmaklashish” loyihasi III-bosqichi doirasida Oliy Majlis Senati ishtirokida 7-oktyabrda saylov jarayoni ishtirokchilari uchun qator seminar-treninglar boshlandi.

Mashgʻulotlarga xalqaro ekspertlar – Moldova Respublikasidan saylov boʻyicha mutaxassislar jalb qilindi.

2019-yil 10-oktyabrda Moldova Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi V.Filipov va Moldova Davlat universiteti professori Yu.Chokan ishtirokida navbatdagi seminar-trening Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir konferens-aloqa shaklida tashkil etilgani unda butun respublika boʻyicha maʼmuriy sudlar sudyalarining bir vaqtning oʻzida ishtirok etishini taʼminlashga imkon berdi.

photo_2019-10-10_09-44-01.jpg

Seminar-trening davomida Oʻzbekiston Respublikasi MSK aʼzosi G.Raximova ishtirokchilarni Parlament va xalq deputatlari Kengashlariga boʻlajak saylovlarga tayyorgarlikning asosiy tashkiliy chora-tadbirlari bilan tanishtirdi. U ushbu ishlar jamiyatni demokratlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz saylov tizimini modernizatsiya qilish sharoitida amalga oshirilayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Ishtirokchilarga milliy saylov tizimini isloh qilishning asosiy bosqichlari, Saylov kodeksi qoidalari, saylov jarayoniga kiritilayotgan yangiliklar tushuntirildi.

photo_2019-10-10_09-41-13.jpg

Xalqaro ekspertlar saylov sohasidagi nizolarini hal etish va xalqaro tashkilotlar va kuzatuvchilar bilan birgalikda ishlash borasidagi xalqaro standartlar haqida soʻz yuritdilar.

Mashgʻulot davomida huquqiy himoya vositalari, maʼmuriy va sud jarayonlarining shaffofligi, shikoyat qilish muddatlari, shuningdek saylov huquqini himoya qilishning boshqa masalalarida munozaralar boʻlib oʻtdi.

Bundan tashqari, seminar-trening ishtirokchilari saylov huquqini himoya qilish boʻyicha xalqaro sud amaliyoti bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot markazi

10.10.2019 436