YXHT ishtirokchi mamlakatlarining Vena shahridagi doimiy vakillari tashrifiga doir

Joriy yilning 10-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan, 20 ta elchi – YXHT ishtirokchi mamlakatlarining Vena shahridagi doimiy vakillaridan iborat delegatsiya Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov bilan ham uchrashdi.

Aytilganidek, shu yilning 22-dekabrida Oʻzbekistonda Parlament qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlar boʻlib oʻtadi. Mazkur siyosiy tadbir “Yangi Oʻzbekiston—yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilmoqda. Yangi Saylov kodeksiga asosan oʻtkazilajak bu galgi saylovlarda qator oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

Xususan, kodeksga muvofiq Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun 150ta hududiy saylov okrugi tuziladi. Ilgari 135 ta okrug tuzilgan va 15 nafar deputat Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan. Endilikda Oʻzbekiston ekologik partiya tashkil etilgani bois, mazkur siyosiy tuzilma deputatlikka oʻz nomzodlarini umumiy saylovlarga qoʻygan holda quyi palatadan oʻrin egallashi mumkin.

Saylov kodeksida 30 ga yaqin shu kabi yangiliklar oʻz ifodasini topgan. Bu ham saylovlarni tenglik prinsipi asosida, shaffof oʻtishiga koʻmak beradi. Ulardan yana biri bu yil saylovchilarning yagona elektron roʻyxatining shakllantirilganidir. Mazkur saylovlarda joriy yil 20 million 600 ming nafar fuqaroning ovoz berishda qatnashishi kutilmoqda. Muloqot davomida shu kabi koʻplab misollar keltirildi.

Saylov Kodeksini ishlab chiqish paytida 50 dan ortiq ilgʻor davlatlar tajribasi oʻrganilganligi,xalqaro tashkilotlarning saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyalari, shu jumladan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkilotining tavsiyalari va Venetsiya komissiyasining takliflari hamda xalqaro saylov prinsiplari va standartlari asosida tayyorlanganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Saylov qonunchiligidagi bunday islohotlar partiyalararo sogʻlom raqobatni yaratishga va ularning yanada faollashishiga sabab boʻlmoqda, deyildi uchrashuvda. Yana bir muhim masalalardan biri- bu fuqarolarning saylov huquqlarini taʼminlash va ularni himoya qilishdir.

Bu borada olib borilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi. Bu yilgi saylov jarayonida saylov komissiyalari aʼzolarining tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratilganligi, axborot tizimi boshqaruvi uchun respublika boʻyicha 30 nafar trener ekspertlar tomonidan oʻqitilgani, 2250 nafar hududiy trener oʻqitilayotgani va jami 34,000 dan ortiq saylov komissiyasi aʼzolari oʻqitilishi rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.

Saylov Kodeksiga asosan bugungi kunga qadar MSK tomonidan nizom va yoʻriqnomalarni tasdiqlashga oid 10 dan ortiq qaror qabul qilingani aytib oʻtildi. Bundan tashqari qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlik memorandumlari imzolanganligi taʼkidlandi.

Hozirgi kunda esa, MSK tomonidan ovozlarni qayta sanab chiqish, saylovchilar murojaatlarini koʻrib chiqish va saylov natijalarini eʼlon qilish boʻyicha nizom loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilgani qayd etildi.


Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot Xizmati

10.10.2019 363