MSKning yangi talqindagi sayti ishga tushdi

Joriy yilning 25 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʼlib oʼtdi. Yigʼilishda MSK aʼzolari, OАV va siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi.

Kun tartibidan “Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazishni moliyalashtirish hamda mablagʼlardan foydalanish tartibi toʼgʼrisida”gi Yoʼriqnomaga oʼzgartirish kiritish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʼtkazish kabi masalalar oʼrin oldi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga boʼlib oʼtadigan saylovlar boʼyicha saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan oʼtkazish davom etmoqda. Shu kunga qadar MSKga 20 dan ortiq OАV 200 dan ziyod jurnalist va texnik xodimlarini akkreditatsiyadan oʼtkazishni soʼrab murojaat qildi.

Shundan kelib chiqib, tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditatsiyadan oʼtkazish masalasi koʼrib chiqildi. Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʼtkazish tartibi toʼgʼrisida nizomga muvofiq shu kunga qadar MSKga akkreditatsiyadan oʼtkazish yuzasidan murojaat qilgan bir qator OАV vakillariga mandatlar topshirildi.

Shuningdek, majlis doirasida Markaziy saylov komissiyasining yangi talqindagi elections.uz saytining taqdimoti boʼlib oʼtdi. Sayt yangi dizayda ish boshladi. Foydalanuvchilar maʼlumotlarni izlashda qiyinchiliklarga uchramasliklari uchun rahbariyat va komissiya aʼzolari, normativ-huquqiy hujjatlar, qonunchilik, MSK qarorlari, yangiliklar, xalqaro hamkorlik, eslatmalar hamda OAV uchun kerakli maʼlumotlar bilan toʼldirilgan alohida boʼlimlar tashkil etildi. Maʼlumotlar oʼzbek tilining lotin va kirill yozuvlarida hamda ingliz va rus tillarida joylashtiriladi.

Shu bilan birga, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar kesimida har bir saylov komissiyasi haqida maʼlumot olish mumkin boʼladi. Bu esa vazirlik va idoralar, OAV hamda fuqarolarga barcha saylov komissiyalari bilan aloqa oʼrnatishga yordam beradi. Saytda koʼrish qobiliyati past boʼlgan insonlar uchun ham alohida imkoniyatlar yaratildi.

 Bundan tashqari foydalanuvchilar oldinlari boʼlib oʼtgan saylov hamda referendum natijalari bilan ham tanishib borishlari mumkin.

 

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

25.10.2019 525