Siyosiy partiyalar MSKga imzo varaqalarini taqdim etdi

Joriy yilning 10-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro Matbuot markazida mamlakatimizdagi faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar Saylov kodeksiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlar va saylovchilarning siyosiy partiyani saylovlardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlovchi kamida qirq mingta imzosi boʻlgan imzo varaqalarini taqdim etdi.

Saylov kampaniyasi eʼlon qilingandan keyin barcha siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganganligi haqidagi guvohnomalarni olib, saylovchilarning imzosini toʻplashga kirishgan edilar.

Saylov kodeksining 38-moddasiga muvofiq, saylovchilar bitta yoki bir necha partiyani qoʻllab-quvvatlab, imzo varaqalariga imzo qoʻyishga haqli.

Siyosiy partiyalarga ularni ushbu tartibda imzolarni toʻplashda imzo varaqalarini buzib qoʻyilishi, toʻliq toʻldirilmasligini inobatga olgan holda qoʻshimcha imzo blankalar ham berildi.

Mazkur tadbirlarni oʻtkazish tamoyilga koʻra, ish, xizmat, oʻqish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo toʻplash Qonun bilan taʼqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi.

Bunda saylovchi imzo varaqasiga oʻz familiyasini, ismini, otasining ismini, tugʻilgan yilini, (yoshi oʻn sakkizda boʻlsa, qoʻshimcha ravishda tugʻilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek imzo qoʻyilgan sanani koʻrsatadi.

Imzo varaqasi imzoni toʻplagan shaxs tomonidan oʻz familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilgan holda imzolanadi, shuningdek tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi caylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan imzolarni toʻplash va imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirish muhim ahamiyatga ega.

Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishi uchun qirq ming va koʻpi bilan 10 foiz qoʻshimcha imzolar siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladi.

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshirilib, tekshirish oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida siyosiy partiyalarga oldindan maʼlum qilinadi.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirilishi jarayonida ishtirok etadi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhi tuzilgan.

Ushbu guruh tarkibiga ichki ishlar va adliya organlarining xatshunos ekspertlari, mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etilgan.

Ekspert guruhi aʼzolari imzo varaqasining toʻgʻri toʻldirilganligiga, tuzatishlarga yoʻl qoʻyilganiga, oʻchirib yozilgan tuzatishlar borligiga, turli shaxslar tomonidan toʻldirilganligiga, oʻxshash imzolar borligiga, tasdiqlangan tuzatishlar borligiga eʼtibor bergan holda har bir imzo varaqasini koʻzdan kechiradi.

Vizual tekshiruvda nuqsonlar yoki shubhali holatlar aniqlangan taqdirda ushbu imzo varaqalari maxsus asboblar yordamida tekshirish uchun saralab olinadi.

Agar Markiziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan koʻprogʻini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.

Siyosiy partiyalar tomonidan imzo varaqalaridagi kamchiliklar ikki kunlik muddatda bartaraf etilmasa yoxud qoʻshimcha imzo varaqalari taqdim etilmasa, barcha topshirilgan imzo varaqalaridan haqiqiy deb topilganlari inobatga olinadi.

Markaziy saylov komissiyasiga kamchiliklari bartaraf etilib (qoʻshimcha toʻplanib), taqdim etilgan imzo varaqalari toʻliq tekshiriladi va ularning haqiqiy deb topilganlari aniqlanadi.

                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                         Markaziy saylov komissiyasi                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                         Matbuot xizmati

10.10.2019 597